Berlinda blekaut. Qasddan uyushtirilgan yong‘in
Germaniya poytaxti Berlinning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Lixterfelde elektr stansiyasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi yuz berdi. Bu haqda Tagesspiegel nashri xabar qildi.
3-yanvar tongida sodir bo‘lgan hodisa natijasida 45 ming xonadon va ikki mingga yaqin korxona elektr va issiqlik ta’minotisiz qolgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuniga kelib taxminan 10 mingta uy-joy qayta ulangan, ammo barcha abonentlar uchun elektr ta’minoti 8-yanvargacha to‘liq tiklanishi kutilmoqda.
Berlin hokimiyati sodir bo‘lgan voqeani qasddan uyushtirilgan yong‘in deb baholamoqda. Deutsche Welle xabar berishicha, Teltov kanali ustidan o‘tgan kabelli ko‘prikka «yondiruvchi qurilmalar» o‘rnatilgan va yong‘in oqibatida yuqori hamda o‘rta kuchlanishli bir necha elektr kabellari shikastlangan yoki butunlay yo‘q qilingan.
Oradan ko‘p o‘tmay, hodisa uchun javobgarlikni chap radikal anarxistik «Vulkan» (Vulkangruppe) guruhi o‘z zimmasiga oldi. Guruh tomonidan politsiyaga yuborilgan maktub haqiqiy deb tan olingan.
Guruh bayonotida bu «muvaffaqiyatli diversiya» bo‘lganini va «Yerni hamda hayotni himoya qilayotgan barcha odamlar bilan xalqaro birdamlikning ifodasi» ekanini aytgan.
«Vulkan» guruhi hujumning asosiy maqsadi aholini elektrsiz qoldirish emas, balki yoqilg‘i sanoatiga zarar yetkazish bo‘lganini ta’kidlagan.
«Janubi-g‘arbiy Berlindagi kam ta’minlangan aholidan uzr so‘raymiz. Ammo bu hududlardagi ko‘plab villa egalariga tegishli emas», – deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Vulkan» guruhi so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt davomida Berlin infratuzilmasiga qarshi hujumlar uyushtirib keladi.
Hodisa bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter