Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

BMT Efiopiyada harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi

BMT Efiopiyada harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi

Foto: «Katehon.com»

BMTning eng nufuzli organi bo‘lgan Xavfsizlik Kengashi Efiopiyadagi qurolli mojaro qilayotgan tomonlarni muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi. Shu bilan birga, bir nechta davlatlar o‘z fuqarolariga bu beqaror mamlakatni tark etishni tavsiya qildilar.

Qabul qilingan bayonotda Xavfsizlik Kengashi mamlakatdagi jangovar harakatlar va gumanitar vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib, barcha urishayotgan tomonlarni bir-biriga jiddiy tanqidiy so‘zlarni aytishdan hamda zo‘ravonliklardan tiyilishga chaqirdi.

Xavfsizlik Kengashining bunday bayonotlari juda kam uchraydi va bir ovozdan qabul qilinishi kerak, deb ta’kidlaydi Reuters agentligi, Veto huquqiga ega Xitoy va Rossiya uzoq vaqtdan beri Efiopiyadagi mojaro davlatning ichki ishi deb hisoblagan edi, shuning uchun deklaratsiya matni bo‘yicha bahslar bir necha kun cho‘zildi.

Efiopiya shimolidagi Tigray mintaqasida mojaro kuchaygan sari AQSh, Shvetsiya va Norvegiya o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etishni so‘radi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi esa fuqarolarini Tigray, Amxara va Afar viloyatlariga tashrif buyurishdan tiyilish haqida ogohlantirib, Efiopiyaga sayohat qilmaslikni «qat’iy» tavsiya qilmoqda.

So‘nggi haftalarda Efiopiyaning ushbu mintaqalarida jangu jadallar juda kuchaygan. Shu munosabat bilan kuni kecha Addis-Abebadagi parlament mamlakat bo‘ylab zudlik bilan olti oy muddatga favqulodda holat joriy etishni ma’qulladi.

Mana bir yildirki, Efiopiya qurolli kuchlari bo‘lg‘inchi-ayirmachi Tigray hududida rasmiylar terrorchi tashkilot deb ataydigan Tigray xalq ozodlik fronti kuchlari bilan shiddatli janglar olib bormoqda.

So‘nggi kunlarda armiya isyonchilar bilan janglarda bir qator mag‘lubiyatlar va yo‘qotishlarga uchradi. Qarshi tomon 3-noyabr kuni Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan atigi 300 kilometr uzoqlikdagi Kemiz shahrini egallab olganini va undan oldinroq — poytaxt bilan aloqa uchun strategik ahamiyatga ega Kombolcha va Desse shaharlari ustidan nazorat o‘rnatgani Hukumatni jiddiy tashvishga solmoqda.

Bugungi kunga qadar mojaro minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi va ikki million odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishdi.

Abiya Aliga oson bo‘lmayapti

Aslida nima bo‘lgan edi?

Mamlakat yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, Efiopiya federativ respublikasi bo‘lishiga qaramay, unda aholining atigi 6 foizini tashkil etuvchi tigray xalqi vakillari yetakchilik qilib keladi. So‘nggi 27 yil davomida Tigrayni ozod qilish xalq fronti va uning sheriklari mamlakatni koalitsiya shaklida boshqarib kelishgan. 2018-yilda ommaviy noroziliklar va ziddiyatlardan keyin o‘zgarishlarni talab qilgan aholi aynan hukmron koalitsiya raisi bo‘lgan Abiyani tanladi.

Parlament tasdig‘i bilan 2018-yil aprelda mamlakatga yosh islohotchi Abiya Ahmed Ali kelgach, mamlakat taraqqiyot va demokratiya yo‘lidan dadil odimlay boshladi. Korrupsiyaga qarshi qaqshatqich kurashildi, erkin saylovlar o‘tkazila boshladi, ommaviy axborot vositalariga erkinlik berildi.

Qo‘shni Eritreya bilan 20 yil davom etgan va o‘n minglab odamlar qurbon bo‘lgan urush hal qilindi. 1993-yildan Efiopiyadan ajralib chiqqan Eritreya o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, hududiy bahslar kelib chiqqan edi. Mamlakat ichidagi minglab siyosiy mahbuslar ozod etildi.

Afrikada aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda borayotgan davlat (118 million) iqtisodiyoti rekord sur’atlarda o‘sa boshladi. «Men ishonaman tinchlik – hayot shakli, urush esa o‘lim va vayronkorlik ko‘rinishi», deya ta’kidlagan edi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanish chog‘ida.

Ammo boylarni talon-taroj qilgan amaldorlar va davlat korporatsiyalari rahbarlari yangi islohotlarga qarshi chiqdi. Abiya 2019-yilda hukmron koalitsiyani tarqatib yuborib, «Farovonlik partiyasi»ni ta’sis etdi. U federal mintaqalar va xalqlardan iborat emas, balki mamlakatning barcha fuqarolar vakillariin qamrab oladigan chinakam milliy partiya tuzish tarafdori edi.

Hatto uning tug‘ilib o‘sgan Ormiya mintaqasi parlamenti ham o‘z elati manfaatlariga sotqinlik deb atadi. Pandemiya sababli bosh vazir parlament va mintaqaviy saylovlarni o‘tkazishga qaror qildi. Ammo Tigray yetakchilari bu qarorga qarshi bo‘ldi va o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda esa yana Tigray milliy ozodlik fronti g‘alaba qozondi. Federal hukumat esa bu mahalliy saylovlarni noqonuniy deb atadi va mintaqani moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ydi.

Natijada avvali tuzum rahbarlari unga tahdid solib, Tigray mintaqasidan hujumga o‘tishdi. 2020 yil noyabrda mintaqaviy kuchlar Hukumat harbiy bazasiga hujum qilib, qurol-yaroqlarni egallab oldi. Bosh vazir ham qonuniylikni tiklash uchun isyonchilarga qarshi kuchlarni tashladi. Bosh vazir kuchga qarshi kuch bilan javob berishga qaror qildi. Bir necha kunda masalani hal qilishni o‘ylagan bosh vazirning rejasi chippakka chiqib, mana bir yildan buyon mojarolar tinmasdan kelmoqda. Aksiga olib Tigrayga qarshi Eritreyadan qo‘shinlar federal hukumatni yoqlab kurashga kirishi bu yerdagi aholini norozi qilib yubordi.

Hozir hukumat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ayniqsa, hech bir tomon yon berishni istamayotgani, armiya isyonchilarga qarshi harbiy havo zarbalarini kuchaytirgani, har qanday xalqaro aralashuvni Efipioya hukumati mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb qaror qilayotgani oddiy aholini juda qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda.

9 ta yirik isyonchi guruhlar esa yagona kuchga birlashdi. Hukumat mamlakatdagi 10 ta mintaqaning 4 tasini to‘liq safarbar bo‘lishga va isyonchilarga qarshi kurashishga chaqirdi.

Avval boshdan Abiyani qo‘llab turgan AQSh va Yevropa Ittifoqi endilikda sanksiyalar haqida ochiq bayonot bermoqda. Shimolda esa aholi ommaviy ocharchilik komiga tushmoqda. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa har ikki tomonni harbiy jinoyatlarda ayblamoqda. Ekspertlar tomonidan Afrikadagi bu davlatda tez orada fuqarolar urushi avj olishi kutilmoqda.

Maftuna A’zamjonova,

xalqaro jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring