Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq prezidentning qo‘lga olinishi (1-maqola)

Sobiq prezidentning qo‘lga olinishi (1-maqola)

Foto: Skopina Olga © IA Krasnaya Vesna IA Krasnaya Vesna

Markaziy Osiyo zamonaviy tarixida birinchi marta sobiq prezident hibsga olindi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanayotgan siyosatchisiga birvarakayiga 14 ta ayb qo‘yilmoqda.

Ayblar siyosiymi?

Oxirgi voqealar qirg‘izlar tadrijiy taraqqiyot yo‘lini tanlamagani ayonga o‘xshaydi. Balki «tadrijiy inqilob yo‘li» ular uchun mayoqday. Bu tendensiya davrlar o‘tgani sari tobora mustahkamlanib boryapti. Bu yerda ko‘tarilgan har bir ketmon yoki bolta tezgina haqiqiy avtomat yoki tankka aylanib ketishi mumkin.

Yaqinda Qirg‘izistonning Qo‘ytosh manzilida ikki kunlik otishmalardan keyin sobiq prezident Almazbek Atambayevning hibsga olinishi mamlakatdagi siyosiy jarayonlarni keskin qalqitib yubordi.

Sobiq prezident tarafdorlarining kuch tizimlari harakatiga noroziligi oqibatida 170 kishi, jumladan 79 nafar huquq tartibot organlari xodimlari yaralandi.

Davlatning avvalgi rahbarlari Akayev va Bakeyevning mamlakatdan qochib ketishi, Atambayevning bu kabi namoyishkorona qo‘lga olinishi Qirg‘izistonda siyosiy o‘yin qoidalari mintaqadagi an’anaviy tushunchalardan yaqqol farq qilinishini ko‘rsatdi.

Hozir sobiq prezident tarafdorlari va amaldagi rahbariyat kuchlari o‘rtasidagi ziddiyat kuchaysa-kuchayyaptiki, sira susaymayapti.

A.Atambayev atrofidagi voqealar hozir tergov va sud mahkamalariga ko‘chdi. Unga avval boshida qo‘yilgan asosiy ayblov – asli kelib chiqishi chechen bo‘lgan «qonundagi o‘g‘ri» Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilish va uni 2013-yilda saraton xastaligi mavjudligi bahonasida soxta ma’lumotnoma berib, ozodlikka chiqarish aybi «arzimas» bo‘lib qoldi. 

Foto: NTV

Uni 26 oktyabrga qadar hibsda ushlab turish bo‘yicha sud qarori chiqarildi.  Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanayotgan siyosatchiga birvarakayiga 14 ta ayb qo‘yilmoqda.

Hokimiyat vakillariga kuch ishlatish, ommaviy tartibsizliklar tashkil etish, qotillik, suiqasd, tutqunlikda saqlash, qurol-aslahatlardan noqonuniy foydalanish, korrupsiya va hokazo ayblar qo‘yilmoqda. Davlat organlari uning mulklari, qimmatli qog‘ozlariga band qo‘ydi, aksiya va bank hisob raqamlarini yopib qo‘ydi. Barcha ayblovlar tasdiqlansa, u umrbod qamoq jazosiga tayinlanishi mumkin.

Lekin sobiq prezident barcha ayblarni inkor qilyapti va ular siyosiy xarakterga egaligini aytmoqda. Uning advokati so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident tergov boshlanganidan buyon hech bir savolga javob bergani yo‘q. Unga nisbatan harakatlar noqonuniydir. Shu sababli ham konstitutsiyaga zid so‘rovlar uchun ham tergov idoralariga chaqirtirilganda kelmagan edi...

Eng qizig‘i, sudning ayblov xulosasi chiqmagunga qadar sobiq prezident daxlsizlik huquqidan foydalanar, Milliy xavfsizlik xizmati davlat qo‘mitasining 9-bo‘linmasi himoyasida bo‘lib turgan edi.

Ya’ni «Alfa»chilar hujum qilgan chog‘da uning uyini xavfsizlik idorasining boshqa xodimlari ham himoya qilib turgandi. Shu sababli ham kuchishlatar organlarning muvofiqlashtirilmagan xatti-harakati, noprofessionalligi ko‘p savol va noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bir paytning o‘zida Atambayevning jiyani Nurbek Sharshenov, saylov shtabi sobiq boshlig‘i Farid Niyazov, xalq shtabi boshlig‘i Kiyas Smaliyev, Alga Kilichev, Amantur Jamgirchiyev hibsga olindi. 2015-2018 yillarda Qirg‘iz Respublikasi bosh prokurori bo‘lgan, Atambayevning hammaslagi Aida Salyanova xonim esa uy qamog‘iga solindi.

Atambayev badavlat siyosatchilar qatoriga kiradi. U 2017 yilda rasmiy deklaratsiya to‘ldirganida bir yilda 100 million qirg‘iz sumi (1,5 million dollar)ga yaqin ishlab topgani qayd etilgandi. Albatta, bu hamma topgan daromadi emasligi aniq.

Shu kunlarda Atambayev nazoratida bo‘lib kelgan «Aprel» telekanali maxsus kuchlar tomonidan egallab olindi, «Qirg‘izavtomash», «Media Forum» tashkilotlariga band qo‘yildi. Oila a’zolariga jinoyat ishi ochilib, 77 ta ko‘chmas mulklari xatlandi.

Ammo Atambayevning asosiy biznesi va daromadlari Turkiyadagi tadbirkorlik faoliyatidan keladi. Organlar qo‘li u yerdagi biznesigacha yetib borganmi-yo‘qmi, bunisi hozircha qorong‘u. Lekin buning uddasidan chiqa olishganiga shubha bor.

Atamboyev reallikdan uzilgan edi...

Atambayev haqiqatda aybdormi? U nima qildiki, bu kuyga tushib qoldi? 62 yoshli Almazbek Atambayev mamlakatni 2011-2018-yillarda prezident sifatida idora etdi. Undan avval ham ikki bora bosh vazirlik lavozimida ishlagan arbobdir.

Uning boshqaruv yillarida Qirg‘izistonning iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlari yaxshilanib ketmadi. Atambayev hokimiyatga kelgach, aholi orasida tajovuzkor shovinizm kayfiyati kuchaya boshladi.

2014-yilda AQSh Davlat departamenti etnik o‘zbek bo‘lgan va umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan Azimjon Asqarovni «Inson huquqlari himoyachisi» mukofotiga loyiq ko‘rgan davrga borib millatlararo munosabatlar o‘zining fojiaviy nuqtasiga chiqdi.

O‘shanda qirg‘izistonlik o‘zbeklarga kuchli bosim o‘tkazgan markaziy hukumat «etnik ziddiyat qo‘zg‘ash» aybi bilan Asqarovga hukm e’lon qildi. Oq uyning qarorini Atambayev keskin qoraladi va shu birgina sabab AQSh bilan munosabatlarning buzilishiga olib keldi. O‘zbekiston bilan esa munosabatlarni minimal darajaga tushirdi va sobiq prezident Karimov nomiga bir necha bor achchiq tanqidlarni yog‘dirdi.    

Uzoqni ko‘ra olmayotgan va ortiqcha emotsionallikka berilayotgan siyosatchi asta-sekin reallikdan uzilib bordi. 2010-yilda qabul qilingan yangi konstitutsiyaga ko‘ra, prezidentning boshqaruvi faqat bir muddat va olti yil ekanligini yodda tutgan holda hokimiyatga qaytishning Putincha usulini qo‘llashga harakat qila boshladi.

Foto: zonakz.net

Rasmiy ravishda o‘zining do‘sti va partiyadoshi Sooronbay Jeenbekovni prezident etib tayinlash, o‘zi esa parlament spikeri yoki bosh vazirlik lavozimini egallash yo‘li bilan davlatni «merosxo‘ri» orqali idora qilishni mo‘ljalladi.

2017-yil 15-oktyabrdagi prezidentlik saylovlarida u davlatning barcha ma’muriy kuchlarini tashlab, S.Jeenbekov nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Chunki Jeenbekov bilan 1990-yillardan buyon birga ishlab kelishar edi. Atambayev hokimiyatga kelgach, uni qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinladi. Ortiqcha ambitsiyalardan holi, mo‘min-qobilgina Jeenbekov unga «vorislik» uchun eng maqbul nomzod edi.

Uning asosiy raqibi 47 yoshli, «Respublika – Ata Jurt» muxolif partiyasi hamraisi, 2011-2012-yillarda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan va mamlakatning eng boy odami hisoblangan (1,5 milliard dollarga ega) Omurbek Babanov edi.

Saylov jarayonida O.Babanovni yomonotliq qilish kompaniyasini boshlab yubordi. O‘shanda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarbayevning O.Babanov bilan uchrashganini esa dunyoga dumbura qilib, oh-voh soldi, Nazarboyevni davlat ishlariga aralashishda aybladi, qirg‘iz-qozoq munosabatlariga jiddiy putur yetkazdi.

O‘ziga haddan tashqari ishonib yuborgan Atambayev shunda Nazarbayevning shaxsiga nisbatan qo‘pol fikrlarni bildirdi. Hatto mintaqadagi qo‘shni davlatlarni Qirg‘izistondagi demokratik islohotlar yoqmayotganlikda aybladi.

Xullas, saylovlarda Jeenbekov kutilganidek, 54,75 foiz natija bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, Babanov 33,72 foiz ovoz to‘pladi. «Merosxo‘r operatsiyasi» muvaffaqiyatli tugab, u 24 noyabrda mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Yangi prezidentning birinchi farmoni ustozi – A.Atambayevga Qirg‘iz Respublikasi qahramoni unvonini berish bo‘ldi. 

Foto: AFP

Atambayev va uning «shogirdi» komandasining birinchi ishi muxolifatni boshsiz qoldirish edi. 4 noyabrda bosh prokuratura siyosiy raqib – Omurbek Babanovga jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Konstitutsiyaviy davlat tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, milliy, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘ash jinoyatlari bo‘yicha yostiqday ish ochildi.

Babanov saylovoldi tashviqotlarida «Amir Temur» mikrohududidagi o‘zbeklar bilan uchrashgani bosh ayb sifatida tirkaldi. O‘sha uchrashuvda «mamlakatda o‘zbeklar huquqlari kamsitilayotgani, milliy notenglik mavjudligi, davlat organlarida o‘zbek millati vakillariga bosimlar kuchayotgani, bunga qarshi faol kurashishga» chaqirilgan emish. Bularning barchasi millatlararo adovat qo‘zg‘ab, qonli ziddiyatga sabab bo‘larmish va aybdorni jazolash darkor ekan.

Jinoyat ishi ochilgan vaqtda O.Babanov xorijga davolanish maqsadida chiqdiyu ko‘zdan yo‘qoldi. 2017-yil 13-noyabrda u xorijdan turib parlament fraksiyasi rahbarligidan ketganini va 30 dekabrda siyosatdan ham butunlay voz kechganini e’lon qildi. Ammo Jeenbekov har ehtimolga qarshi unga qarshi yana bir ayblov bo‘yicha jinoyat ishini taxlab qo‘ydi.

Ko‘p o‘tmay, yana bir ehtimoliy raqib – Askar Akayev davrida yetakchi muxolif kuch bo‘lgan, 2005-2006 yillarda parlamentni boshqargan, 1995, 2000 va 2017-yillarda prezidenlikka o‘z nomzodini qo‘ygan «Ota Makon» partiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayev nishonga olindi.

U 2016-yilda Atambayevning konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqidagi rejasini tanqid qilgan edi. Atambayev  va uning atrofidagi shaxslarni noqonuniy hatti-harakatlar olib borayotganlikda ayblagan va prezidentga impichment e’lon qilish taklifini bildirgan ham aynan u edi. Natijada unga ham 2017-yil fevralda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa tashlandi.

«Vorislik operatsiyasi» aks natija berdi

Shu tariqa Atamboyev uchun hammasi silliq va ko‘zlangan reja bo‘yicha ketayotgan edi. Faqat Jeenbekovning uning gapiga kirmay qo‘ya boshlagani haqiqiy boshog‘rig‘iga aylandi. Chunki bu oddiy siyosatchi emas, mamlakat prezident edi-da. Ular o‘rtasida boshlangan dahanaki bahslar haqiqiy ziddiyatga aylanib ketdi.

2018-yil 28-martda ular orasida 4 soatdan ortiq yopish eshiklar ortida yuzma-yuz suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu ustoz va shogirdning eng oxirgi uchrashuvi bo‘lib chiqdi.

Shundan keyin Atambayev prezidentning turli tadbirlarida ishtirok etish bo‘yicha barcha takliflarini inkor qildi, o‘ziga tegishli ommaviy axborot vositalarida amaldagi davlat rahbariga nisbatan kuchli pressing qo‘llay boshladi. Jeenbekovni ommaviy axborot vositalari orqali saylov vaqtida ovozlarni sotib olganlikda ayblay boshladi. 

Muammoning ildizini aynan shu joydan qidirish kerak. Ya’ni Atambayevning yo‘rig‘iga yurmagan prezident unga yoqmay qoldi. Amaldagi prezident esa shunchaki qo‘g‘irchoq emas, balki hokimiyatni boshqarishga qodir haqiqiy rahbar bo‘lish niyati qat’iyligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Atambayev hukmron partiya yetakchisi sifatida 2020-yildagi parlament saylovlarida g‘alaba qozonish va bosh vazirlik kursisini egallash rejasini Jeenbekov yaxshi bilardi. Buning uchun Atambayev prezidentlik lavozimidan ketish chog‘ida bosh vazir vakolatlarini kengaytiruvchi me’yorlarni o‘rnatib qo‘ygan edi.

Jeenbekov uchun yaqinda o‘zi bilan ziddiyatga kirishgan siyosatchining mamlakatdagi bu muhim lavozimga kelishi haqiqiy mag‘lubiyat bo‘lardi.

Jeenbekov avvalo korrupsiyaga qarshi kurash niqobi ostida o‘ziga haddan tashqari ishonayotgan Atamboyevning hokimiyatdagi eng yaqin odamlarini hibsga ola boshladi. Jumladan, Atambayevning o‘ng qo‘li bo‘lgan ikki nafar sobiq bosh vazir (xususan, Sapar Isakov), shuningdek Bishkek shahri sobiq meri qo‘lga olindi.

Navbat Atambayevning o‘ziga kelgan edi. Lekin u sobiq prezident bo‘lgani uchun daxlsizlik maqomidan foydalanar, uni shunchaki qamab qo‘yish qonunan mumkin emasdi. Buning uchun iyun oyida parlamentda sobiq davlat rahbarining daxlsizlik maqomidan va davlat ta’minotidan mosuvo qilishdi hamda prokuratura jinoyat ishi ochish uchun huquqiy asos yaratildi.

«Menda sovg‘a tariqasida berilgan qurol bor. Agar kim meni hibsga olishga kelsa men uni otib tashlayman», deb tutoqib ketdi parlament uni daxlsizlik maqomidan mahrum qilgach o‘tkazilgan matbuot anjumanida Atambayev.

A.Atambayevning Bishkekdan 20 kilometr olisda joylashgan Qo‘ytoshdagi hashamatli hovlisida yashardi. U bir kunmas, bir kun uni qo‘lga olishlarini yaxshi bilardi. Shu sababli o‘z tarafdorlari va qishloqdoshlari ishtirokida «xalq shtabi» kuchlarini tuzdi. Ularga yaxshigina mablag‘ ajratib turildi. Har kuni bu yerda yuzlab kishilar navbatchilikda turar va o‘z rahnamosini astoydil qo‘riqlar edi.

Bu orada qo‘shiq ko‘ylashni hobbiga aylantirgan Atamboyev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uch marotaba tergovga chaqirildi. Lekin u bu kabi talablarga amal qilishni o‘ziga ep bilmadi va birorta so‘rovni qanoatlantirmadi.

Bu orada u Rossiyaning Kant aviabazasidan shaxsiy samolyotda Moskvaga bordi va prezident Vladimir Putin bilan uchrashib qaytdi. Suhbatda nima masala ko‘tarilgan va o‘rtada qanday kelishuv bo‘lgani sirliligicha qolmoqda.

Biroq Putinning rasmiy bayonoti shunday yangradi: «Barcha fuqarolar amaldagi prezident Jeenbekov atrofida birlashishi va davlatni rivojlantirish uchun unga yordam berishi lozim. Biz Qirg‘iziston bilan hamkorlik bo‘yicha ko‘p rejalarga egamiz. Boshqaruvdagi hukumat bilan bu rejalarni amalga oshirish niyatidamiz».

Albatta, ikki siyosatchi o‘rtasidagi qarama-qarshilik uzluksiz davom etishi mumkin emas edi. Bu qo‘shhokimiyatga va mamlakatning bo‘lishinib ketishiga sababchi bo‘lardi.

Foto: liter.kz

Nihoyat 7-avgustda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 57 kishidan iborat «Alfa» maxsus antiterror bo‘linmasi kutilmaganda sobiq prezidentning hovlisiga bostirib kirdi. Biroq sharmandali tarzda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, aksariyati ortga chekindi, 1 kishi qurbon bo‘ldi, 19 nafari jarohat oldi, 8 kishi asirga olindi, ularning qurol-aslahalari Atambayev tarafdorlari tomonidan egallab olindi.

Oradan bir kun o‘tib ikkinchi urunishda 3 ming militsiya xodimi va maxsus texnikalar jalb qilindi va Atambayev nihoyat qo‘lga olindi. 

(davomi bor)

A.Hasan o‘g‘li      

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring