Fransiya parlamenti bosh vazirni iste’foga chiqardi

France 24 xabariga ko‘ra, Fransiya parlamenti (Milliy assambleya) Bayru hukumatini iste’foga chiqarishni yoqlab ovoz berdi.
Shunga muvofiq, bugun, 9-sentyabr kuni ertalab mamlakat bosh vaziri Fransua Bayru iste’foga chiqadi.
364 nafar deputat hukumatga ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatladi, 194 nafari esa qarshi ovoz bergan.
Bayru hukumati shu yilning 16-yanvarida ishonchsizlik votumi bo‘yicha parlamentdagi ovoz berishdan eson-omon o‘tib olgandi. O‘shanda uning boshchiligidagi hukumat iste’fosi uchun 577 nafar deputatdan faqat 131 nafari ovoz bergandi.
Bir oy avval Fransua Bayru o‘z videomurojaatida Fransiyaning iqtisodiy ahvoli juda og‘irlashganini va mamlakatning qarzi har soniyada 5 ming yevroga ko‘payayotganini aytgandi. Haddan ziyod qarzdorlikni Fransiya iqtisodiyoti uchun asosiy tahdid deb hisoblagan bosh vazir xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgandi.
Ma’lumot uchun: Fransua Bayru (1951-y.t.) 2024-yilning 13-dekabridan Fransiya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter