Germaniyada natsistlar partiyasi a’zolarining to‘liq ro‘yxati e’lon qilindi
Germaniyada fuqarolarga Adolf Hitler hukmronligi davrida ajdodlari natsistlar partiyasiga mansub bo‘lganmi yoki yo‘qligini aniqlash imkonini beruvchi yangi qidiruv tizimi ishga tushirildi. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Avstriyalik Kristian Rayner BBC’ga bobosining ismini ma’lumotlar bazasidan «bir necha soniya ichida» topganini aytgan.
«Men uning natsistlar partiyasiga a’zo bo‘lganini aniqladim, bu 1938-yil 21-aprelda yuz bergan, ya’ni anshlyusdan (Germaniya Avstriyani o‘z tarkibiga qo‘shib olishi) bir necha kun o‘tgach», dedi Rayner.
Tizim bir necha million a’zolik kartalari (NSDAP-Mitgliederkartei) ma’lumotlar bazasi asosida ishlaydi. «U Avstriyada natsistlar partiyasi qonuniylashtirilganidan besh kun o‘tgach qo‘shilish uchun ariza bergan», deb davom etdi Avstriyaning Profil jurnaliga muharrirlik qilgan Rayner.
Onlayn ma’lumotlar bazasi Germaniyaning Die Zeit gazetasi tomonidan Germaniya va Amerika arxivlari bilan hamkorlikda yaratilgan.
Raynerning aytishicha, bobosi u tug‘ilishidan sal avval vafot etgan.
«Men uning natsistlar bilan yaqin ekanligini har doim bilardim, lekin unga qo‘shilish uchun atigi besh kun kerak bo‘lganidan hayron bo‘ldim», deb davom etadi u. «Axir u olim edi. 1938-yilda u natsistlar kim ekanligini juda aniq bilishi kerak edi».
Raynerning tushuntirishicha, qidiruv tizimi nafaqat bobosining natsistlar bilan aloqasini ochib bergani uchun, balki otasi kabi boshqa oila a’zolarining aybsizligini isbotlashga yordam bergani uchun ham muhimdir.
«Men boshqa qarindoshlarni, ayniqsa otamni topmaganimdan xursandman. Men uni hech qachon natsist deb gumon qilmaganman. U 1941-yilda Vermaxtga chaqirilgan va bir necha bor yaralangan».
Die Zeit gazetasi qidiruv tizimi nihoyatda mashhur ekanligini xabar qilmoqda. Aprel oyining boshida ishga tushirilganidan beri «u allaqachon millionlab marta ishlatilgan», dedi Die Zeit vakili Yudit Butch.
«Men u yerda ikkita yaqin qarindoshimni topdim va bu bizning oilamizda hech kim aloqador emasligi haqidagi afsonani yo‘qqa chiqardi», deb yozgan gazeta veb-saytining foydalanuvchilaridan biri. «Buni 71 yoshida bilish juda achchiq zarba».
Ta’kidlash kerak, 1925-yildan 1945-yilgacha taxminan 10,2 million nemis fuqarolari natsistlar partiyasi a’zosi bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter