Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ginnesga kirgan illinoyslik novchaning shuhrati va ayanchli o‘limi

Ginnesga kirgan illinoyslik novchaning shuhrati va ayanchli o‘limi

Uodlou bilan birga suratga tushishning maroqli edi.

Robert Pershing Uodlou (1918-yil 22 fevral, Olton, Illinoys — 1940 yil 15 iyul, Manisti, Michigan) — Ginness rekordlar hisobiga ko‘ra, dunyodagi eng novcha odam bo‘lgan. Uning bo‘yi naqadar uzun bo‘lganini fotosuratlarda ko‘rib turibsiz.

Uodlou qisqa umri davomida gipofiz o‘simtasi (miya ostidagi o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki sekretsiya bezi) va akromegaliya (akros — grekcha qo‘l-oyoq, megas — katta) tufayli baland qaddi-bastga ega edi. Hayotdan ko‘z yumganida uning bo‘yi 272 sm, vazni 199 kg edi.

Uning bo‘yini o‘lchash jarayoni

Akromegaliya — organizm yoki ayrim a’zolarning me’yordan ortiq darajada kattaligi, o‘sishi bo‘lib, yillar davomida rivojlanadi. Bu kasallikda bosh og‘rig‘i, horg‘inlik, aqliy qobiliyatlar zaiflashuvi, ko‘rishning ishdan chiqishi uchraydi. Shuningdek, jinsiy zaiflik seziladi.

Robert Uodlouning ota-onasi o‘rta bo‘yli kishilar edi (otasi 180 sm bo‘yli, 77 kg vaznli bo‘lgan). Ikki ukasi va ikki singlisi ham oddiy qaddi-bastga ega edi.

Robertning bo‘yi va vazni esa 4 yoshigacha me’yorida bo‘lgan. Keyin juda tez o‘sa boshladi va atrofdagilarning e’tiborini tortdi. 8 yoshida 1 m 88 sm, 9 yoshida zina bo‘ylab otasini ko‘tarib yuradigan qomat kasb etib, 10 yoshida esa 198 sm bo‘y va 100 kg vaznni egalladi.

18 yoshida u yanada o‘sib, 2 metr 54 santimetrga yetdi, vazni 177 kg bo‘ldi. Robert 49 o‘lchamli tufli kiyar, darvoqe bu paytda u ancha mashhur bo‘lib, poyafzalni bepul tikib berishardi.

18 yoshida tengdoshlarini ortda qoldirgan

Bahaybat o‘smir maktabda tahsil olib, 18 yoshida bitirdi. So‘ng huquqni o‘rganish uchun universitetga o‘qishga kirdi. Xuddi o‘sha yili u sirk bilan butun AQSh bo‘ylab kezib chiqdi. 1938 yildan e’tiboran turli tomoshalarda ishtirok etdi. Uodlouning har bir chiqishi odamlarning yopirilib kelishiga sabab bo‘lardi. Uni «mehribon bahodir» deyishardi.

21 yoshga to‘lgan kuni Robert Uodlouning bo‘yi 2,63 sm, vazni 223 kg.ga yetdi. Bilagidan o‘rta barmog‘ining uchigacha 32,4 sm edi. Odamlar uni uchrashuvlarga chaqirishar, birgalikda suratga tushib, suhbatlashishga qiziqardilar. Illinoyslik novchaning shuhrati tobora oshib boraverdi.

Vaqt o‘tib, Uodlouning salomatligi pand bera boshladi: bo‘yi tez o‘sayotgani sababli oyog‘idagi sezuvchanlik hissi cheklanib qoldi, shu bois hassaga ehtiyoj tug‘ildi. 1940 yilning 27 iyun kuni Sent-Luisda bu devqomat odamning bo‘yini oxirgi marta o‘lchab ko‘rishdi: 2,72 sm.

Ulkan poyafzallarni bepul tikib berishgan.

1940 yil 4 iyulida, mustaqillik kuni munosabati bilan Michigan shtatining Manisti shahrida chiqish qilayotgan Uodlouning oyog‘ini o‘zining hassasi shilib yubordi. Natijada infeksiya tushib, sepsisning avj olishiga sabab bo‘ldi (sepsis – qonga kirgan zararli mikroblar tufayli butun organizmning zaharlanishi).

Shifokorlar qon quyish va jarrohlik amaliyoti orqali mashhur amerikalikni qutqarib qolmoqchi bo‘ldilar, biroq 15 iyul kuni dunyodagi eng novcha odam uyqusida jon taslim qildi.

Uodlouning dafn marosimida 40 ming amerikalik ishtirok etgan. Uning tobuti yarim tonna bo‘lib, 12 kishi ko‘tardi.

Uni «mehribon bahodir» deyishardi.

Robert Uodlouning qabrini yaxshilab betonlashdi. Buni marhum yigitchaning oila a’zolari iltimos qilishgandi. Ular qabrni kimlardir ochib, Robertning murdasini o‘g‘rilab ketishidan xavfsiragandilar.

Uodlou qabrtoshiga «At Rest» (Osoyishtalikda. Oromda) deb yozilgan, xolos. Unga o‘rnatilgan yodgorlik qabristondagi boshqa yodgorliklarga nisbatan ikki barobar katta edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring