Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Ko‘rinmas qahramon yoxud Rouz Valland 60 000 xazinani qanday qutqarib qoldi?

 Ko‘rinmas qahramon yoxud Rouz Valland 60 000 xazinani qanday qutqarib qoldi?

foto: internet, ochiq manba

1940-yilning oktyabr oyida fashistlar Parijdagi Jan-de-Pom muzeyini egallab olishdi va uni talon-taroj qilingan san’at asarlari uchun asosiy omborxonaga aylantirishdi. Rasmlar, haykallar va butun shaxsiy kolleksiyalar Germaniyaga jo‘natilishidan oldin har kuni shu muzeyda qabul qilinar, saralanar va raqamlashtirilar edi. Muzey ommaviy o‘g‘irlik joyiga aylandi.

Muzeyda ishlovchi ayol ularga ko‘rinmasdek tuyuldi. U doim jim yurar, kamtarona kiyinar va o‘zini chetda tutardi. Bosqinchilar ayolni shunchaki chipta sotuvchi deb o‘ylashardi — eslab qolishga ham arzimaydi, tezda unutiladigan bir xodim.

Bu taxmin ularning eng katta xatolaridan biri bo‘lib chiqdi. U ayol 42 yoshli Rouz Antoniya Mariya Valland bo‘lib, Luvr san’at maktabi va Sorbonnani tamomlagandan so‘ng ko‘ngilli kurator bo‘lib ishlayotgandi. Fransiyada natsistlar hokimiyatga kelganida, muzey rahbariyati unga imkonsiz va xavfli vazifa berdi: joyida qolish, hamma narsaga e’tibor berish va barcha narsani eslab qolish. Ko‘pchilik qochib ketgan bo‘lardi, ammo Rouz qolishga qaror qildi. U kundan-kunga vayron bo‘lgan hayotning bir qismiga to‘la qutilar kelishini kuzatdi. Vermeyer, Mone, Sezanna, Renuar asarlari — avlodlar davomida oilaviy uylar devorlarida osilgan kartinalar “xavfsiz saqlash” bahonasida musodara qilindi. U nafaqat san’at asarlari, balki xotiralar, shaxsiyatlar va tarix ham o‘g‘irlanayotganini tushundi.

Gitlerning o‘rinbosari Herman Hyoring o‘zi uchun durdona asarlarni shaxsan tanlash uchun muzeyga yigirma bir marta kelgan. Rouz har doim uning yonida bo‘lar, jim, itoatkor va ko‘zga tashlanmas edi. U Rouzni hatto payqamagan ham.

Ammo ularning hech biri Rouzning nemis tilini juda yaxshi bilishiga shubha qilmagan.

Agentlar yuklar, yo‘nalishlar va saqlash joylari haqida gaplashayotganda u beparvo tinglar, poyezd raqamlari va quti belgilarini yodlab olar edi. Kechasi u hamma narsani maxfiy daftarlarga yozib qo‘yardi, chunki fosh bo‘lish qatl qilishni anglatishini yaxshi bilardi. Shunga qaramay, u davom etdi — o‘g‘irlangan madaniy boyliklar yuklangan poyezdning mamlakatdan chiqib ketmasligi uchun Fransiya qarshilik harakatiga muhim ma’lumotlarni yetkazib turdi.

1943-yilning iyul oyida u xotirasida abadiy qoladigan voqeaga guvoh bo‘ldi. Natsistlar “degeneratlar” (lotincha: degeneratus — jismoniy yoki aqliy nuqson bilan tug‘ilgan odam) deb hisoblagan rassomlarning besh yuzta rasmlarini muzey hovlisiga olib kelishdi. Pikasso... Ular chiqindi kabi uyuldi va o‘t qo‘yildi. Rouz kuchli alanga ularni osongina yutib yuborayotganini ichkaridan ojizona kuzatdi. U qila oladigan birgina narsa — yo‘qolgan narsalarni yozish va qo‘lidan kelganini saqlab qolishga va’da berish edi, xolos.

1944 yilning avgustida ittifoqchi kuchlar Parijga yaqinlashar ekan, natsistlar vahimaga tushib qolishdi. 1 avgust kuni Rouz 148 ta qutiga joylangan Mone, Sezanna va Renuar asarlari Avstriyaga yo‘l olgan poyezdga yuklanganini bilib qoldi. U poyezd raqamlarini yozib olib, qarshilik harakatiga yetkazdi. Fransuz qo‘shinlari poyezdni chegaradan o‘tmasdan oldin to‘xtatib, abadiy yo‘qlikka yuz tutgan nodir asarlarni saqlab qolishdi.

25 avgust kuni Parij ozod qilinganida, Rouz ishg‘ol paytida muzeyda qolgani uchun gumon qilingan hamkor sifatida qisqa vaqtga hibsga olindi. Boshqalar uning harakatlarini tasdiqlaganidan keyingina u qo‘yib yuborildi.

Uning aytganlari hammani hayratda qoldirdi.

Rouz ko‘z o‘ngidan o‘tgan yigirma mingdan ortiq san’at asarlarini sinchkovlik bilan kuzatib bordi.

Yuk jo‘natish ro‘yxatlari. Yetkazish manzillari. Saqlash joylari. Uning daftarlari Germaniyadagi qayta tiklash ishlari uchun qo‘llanma bo‘ldi.

1945 yilning mayida u Birinchi fransuz armiyasiga leytenant sifatida chaqirildi. Parijga qaytish o‘rniga, Rouz yodgorlik qo‘riqchilari bilan birga Germaniyaga bordi va u yerda sakkiz yil ishladi, o‘g‘irlangan san’at asarlarini qidirdi. Uning ma’lumotlari yigirma mingdan ortiq asarlar yashirilgan Noyshvanshteyn qal’asiga olib bordi. Talon-taroj qilingan xazinalarga to‘la shaxtalar, bunkerlar va qasrlarni topdi, ko‘pincha bir vaqtlar jimgina kuzatgan agentlarga duch keldi va ularga qarshi turdi.

1946-yilning fevral oyida Rouz Nyurnberg jarayonlarida paydo bo‘ldi va o‘sha Herman Hyoring (Gitlerning o‘rinbosari) bilan yuzma-yuz uchrashdi. Uni ko‘rinmas deb o‘ylagan odam endi qarshisida javob berishi kerak edi.

Missiyasining oxiriga kelib, oltmish mingga yaqin san’at asari topildi. Qirq besh mingtasi qonuniy egalariga qaytarildi. Bular shunchaki qaytarilgan buyumlar emas, balki tiklangan hayot parchalari edi.

Rouz Fransiyadagi eng taniqli ayollardan biriga aylandi, lekin omma e’tiboridan qochib, jimgina ishga qaytdi va 1980-yilgacha, ya’ni vafotiga qadar sevimli kasbida xotirjam ishladi. Uning arxivlaridan hali ham Ikkinchi jahon urushi paytida o‘g‘irlangan san’at asarlarini topish va qayta tiklash uchun foydalaniladi.

Rouz Valland hech qachon qurol ko‘tarmadi, temir yo‘llarni sabotaj qilmadi va qochqinlarni yashirmadi. Uning qarshiligi yanada cheklangan va ehtimol qat’iyroq edi: haqiqatni shu qadar puxta hujjatlashtirdiki, oxir-oqibat adolat tantana qildi.

To‘rt yil davomida natsistlar Rouz bilan erkin muloqot qilishdi, o‘z kuchlariga ishonishdi, uning borligini sezishmadi. Ular uni kam baholadilar va unga kerak bo‘lgan hamma narsani berishdi.

U qo‘lida qalam bilan yozuv stolida o‘tirib, oltmish ming xazina hayotini saqlab qoldi. Haqiqiy kuch har doim ham o‘zini namoyon qilavermaydi. Ba’zan u tinglaydi. Ba’zan eslaydi. Va ba’zida haqiqatni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaguncha sabr bilan kutadi.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring