Kreml Ukraina va AQSh bilan yangi muzokaralar sanasini ma’lum qildi
Kreml Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi navbatdagi uch tomonlama muzokaralar 17–18-fevral kunlari bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Uchrashuv Jeneva shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qiladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham muzokaralar kelasi hafta davom ettirilishini tasdiqladi.
«Yangi raund muzokaralar haqiqatan ham kelasi hafta bo‘lib o‘tishi bo‘yicha kelishuv mavjud. Joyi va aniq sanalarini qo‘shimcha ravishda ma’lum qilamiz», – degan Peskov.
Avvalroq Politico nashri manbalariga tayanib, uch tomonlama muzokaralar kelasi hafta qayta tiklanishi mumkinligini yozgan edi. Nashr ehtimoliy joy sifatida Abu-Dabi va Mayami shaharlarini tilga olgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham uchrashuv 17–18-fevral kunlari o‘tishi mumkinligini bildirib, Mayamini ehtimoliy manzillardan biri sifatida atagan edi. Biroq bir hafta oldin Dmitriy Peskov bunday ehtimolni inkor etgan.
«Yo‘q, bunday masala muhokama qilingani yo‘q», – degan edi u AQShda uchrashuv o‘tkazish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter