«Lactalis» O‘zbekistondan bolalar uchun sut mahsulotlarini qaytarib olyapti
Fransiyaning yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi — Lactalis kompaniyasi chorshanba kuni 18 davlatda bolalar uchun mo‘ljallangan sut mahsulotlarining ayrim partiyalarini bozordan qaytarib olayotganini ma’lum qildi. Bunga Nestle kompaniyasi tomonidan oy boshida ayrim bolalar ovqatlari partiyalari qaytarib olinishiga sabab bo‘lgan toksin – sereulid aniqlangani sabab bo‘lgan.
Kompaniya bayonotida aytilishicha, Lactalis Nutrition Santé (LNS) tarkibiga kiruvchi olti partiya Picot brendi ostidagi bolalar suti ixtiyoriy ravishda qaytarib olinmoqda. Ushbu mahsulotlar dorixonalar va supermarketlarda sotilgan. Qaytarib olishga sabab — xalqaro yetkazib beruvchidan olingan ingrediyent tarkibida sereulid moddasi aniqlangani.
Bayonotda qayd etilishicha, bakteriya kelib chiqishiga ega bo‘lgan sereulid moddasi ich ketishi va qusish kabi belgilarni keltirib chiqarishi mumkin.
Lactalis rasmiy vakili Reuters agentligiga bildirishicha, mahsulotlarni qaytarib olish quyidagi 18 davlatni qamrab oladi: Avstraliya, Chili, Xitoy, Kolumbiya, Kongo, Chexiya, Ekvador, Fransiya, Gruziya, Gretsiya, Quvayt, Madagaskar, Meksika, Monako, Ispaniya, Peru, Tayvan va O‘zbekiston.
Kompaniya ma’lumot berishicha, ushbu qaror Fransiya bolalar ovqatlari bo‘yicha professional uyushmasi tomonidan berilgan ogohlantirishdan so‘ng qabul qilingan. Unda ayrim bolalar suti tarkibida ishlatiladigan va xalqaro yetkazib beruvchidan olingan omega-6 ARA ingrediyentida sereulid bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Ma’lumot uchun, Lactalis dunyodagi eng yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 2017–2018 yillarda ham ommaviy ravishda bolalar uchun sut aralashmalarini bozordan qaytarib olishga majbur bo‘lgan edi. O‘shanda o‘nlab chaqaloqlar kompaniya ishlab chiqargan ifloslangan sut aralashmasini iste’mol qilganidan so‘ng salmonella bilan kasallangan.
Manba: reuters.com


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter