Lukashenko Rossiya elchisidan Belarusni urushga tortmaslikni so‘radi
Belarus Rossiyaning Ukraina bilan urushiga qo‘shilish niyatida emas. Bu haqda Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov va Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov bilan uchrashuvda gapirgan.
Bu Lukashenkoning ilk bor Kreml Boris Grizlov orqali Belarusni mojaroda faolroq ishtirok etishga undayotganini ochiq tan olishi.
«Urushga aralashishning keragi yo‘q. Boris Vyacheslavovich bizni urushga tortish jarayonini tashkil qilayapti, bizni bunga undash ham kerak emas», — dedi Lukashenko Grizlovga murojaat qilib.
Lukashenko bu masalani bir necha bor Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilganini va unga belarusliklar ukrainlarga qarshi urishishni istamasligini aytganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Belarus Rossiya hududlariga, jumladan Moskva viloyatiga iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida yordam berishga tayyorligini bildirdi.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Belarus Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari ortidan yuzaga kelgan taqchillik fonida Rossiyaga benzin va boshqa neft mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Nashr sobiq va amaldagi Rossiya hamda Yevropa rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Moskva yil boshidan beri Belarus hududidan Ukrainaga zarba berish va NATO davlatlariga qarshi gibrid operatsiyalar o‘tkazish uchun foydalanishga ruxsat so‘ramoqda. Manbalarga ko‘ra, bu muzokaralarni asosan Boris Grizlov olib bormoqda.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron may oyida Lukashenkoga qo‘ng‘iroq qilib, uni urushga qo‘shilmaslikka chaqirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter