Makronning chinni idishlarini o‘g‘irlagan xodim qo‘lga tushdi
Parijdagi Yelisey saroyining xodimi ikki yil davomida rasmiy qabullar uchun mo‘ljallangan idish-tovoqlarni o‘g‘irlab kelgani fosh bo‘ldi.
O‘tgan ikki yil davomida metrdotel (restoranlarda xizmatkorlarga ishni taqsimlovchi va boshqaruvchi) Fransiya prezidenti qarorgohidan 100 ga yaqin chinni idishni o‘g‘irlagan. Ularning ayrimlari madaniy meros ob’yekti maqomiga ega.
U o‘g‘irlangan narsalarni Luvrda nazoratchi bo‘lib ishlovchi chinnilar kolleksioneriga pullab kelgan.
Prezident saroyida idish-tovoqlar shubhali darajada ozayib qolganidan so‘ng surishtiruv boshlangan. O‘g‘irlangan buyumlar tintuv davomida yuqoridagi ikki shaxsning yashash joylaridan topilgan.
Ularga o‘g‘irlangan barcha buyumlarni qaytarish majburiyati yuklanib, sud nazoratiga olingan.
Chinnilar ishqibozi Luvrdan, metrdotel esa Yelisey saroyidan haydaldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter