Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mers: «Buyuk davlatlar davrida erkinligimiz kafolatlanmagan»

Mers: «Buyuk davlatlar davrida erkinligimiz kafolatlanmagan»

Germaniya kansleri Fridrix Mers Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ochilishida so‘zlar ekan, o‘nlab yillar davomida mavjud bo‘lgan xalqaro tartib «amalda tugaganini» bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qoidalar va huquqqa asoslangan global tizim parchalanmoqda va Yevropa xavfsizlikka bo‘lgan yondashuvini tubdan qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Mers konferensiya shiori bo‘lgan «Dunyo parchalanmoqda» jumlasi real vaziyatni aks ettirishini ta’kidladi.

 «Bu tartib, kamchiliklariga qaramay, endi mavjud emas», – dedi u.

Kanslerning fikricha, Berlin devori qulaganidan keyin yuzaga kelgan «bir qutbli davr» yakunlangan. Yangi bosqichda yirik davlatlar o‘rtasidagi kuch siyosati hatto eng qudratli mamlakatlar xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. U bu jarayonni «inqilob oldi davrlariga xos taranglik» bilan qiyosladi.

Mers o‘z nutqida AQShni ham ogohlantirib, yangi geosiyosiy sharoitda Vashington «yolg‘iz o‘zi harakat qilib» maqsadga erisha olmasligini ta’kidladi. U transatlantik munosabatlar murakkab bosqichga kirganini tan oldi.

Ayniqsa, u AQSh vitse-prezidenti Devid Vensning o‘tgan yilgi Myunxendagi tanqidiy nutqini eslab, Yevropa va AQSh o‘rtasida «jarlik» paydo bo‘lganini aytdi. Biroq Mers Vensning xulosalariga qo‘shilmasligini bildirdi.

Kansler Rossiya-Ukraina urushi mavzusiga alohida to‘xtalib, G‘arb Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi shartligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya faqat iqtisodiy va ehtimol harbiy jihatdan zaiflashgandagina tinchlikka rozi bo‘lishi mumkin.

Mers 2024-yilda YeI davlatlaridan birining bosh vaziri Moskvaga borganini, ammo bu tashrif natija bermaganini eslatdi. U Rossiyani agressiyadan hech qanday foyda ko‘rmaydigan holatga olib kelish zarurligini ta’kidladi.

Kansler, shuningdek, Yevropa o‘z salohiyatini to‘liq ishga solmaganini tan oldi. U qiyosiy raqamlarni keltirdi: Rossiya YaIMi taxminan 2 trillion yevro, YeIniki esa undan qariyb o‘n barobar katta. Shunga qaramay, Yevropa «o‘n barobar kuchli emas».

«Buyuk davlatlar davrida erkinligimiz kafolatlanmagan. Uni himoya qilish uchun qat’iyat kerak», – deya xulosa qildi Mers.

Uning chiqishi Yevropa xavfsizlik arxitekturasini qayta ko‘rib chiqish, mudofaa salohiyatini oshirish va geosiyosiy mustaqillikni kuchaytirish zarurligi haqidagi chaqiriq sifatida baholanmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring