Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Armanistonga jiddiy tahdid qildi

Putin Armanistonga jiddiy tahdid qildi

Putin va Pashinyan timsolida Rossiya va Armaniston ziddiyati kuchayib bormoqda.

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YeOII) chiqqudek bo‘lsa, jiddiy oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirdi.

“Armaniston Yevropa Ittifoqi standartlariga o‘tar ekan, biz u bilan iqtisodiy integratsiyani butkul to‘xtatishimiz lozim bo‘ladi. Ular o‘z mahsulotlarini kimga sotadi? Arman vinosini kim oladi? Ular uchun temiryo‘l tariflari oshiriladi. Energiya manbalari bahosini ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. Armaniston fuqarolari Rossiyada ishlash uchun patent olishi zarur bo‘ladi”, – degan Putin Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan YeOII sammiti yakunida 29-may kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Rossiya G‘arbga yaqinlashuv yo‘lini tutgan Ukrainaga qarshi to‘rt yildan buyon bosqinchilik urushini olib borayotgani ma’lum. Putin Ostonadagi chiqishida Armanistonga tahdidli bayonoti davomida Ukrainadagi inqiroz ham aynan Kiyevning YeIga yaqinlashuvi ortidan boshlanganini urg‘ulagan.

DW nashri yozishicha, Putin o‘z chiqishida fashistlar Germaniyasi propaganda vaziri Yozef Gebbelsga nisbat bergan holda aslida Adolf Hitlerdan iqtibos keltirgan. Jumladan, u Yevropa davlatlarining Rossiya ko‘hna qit’a davlatlariga qarshi urushga hozirlik ko‘rayotgani haqidagi bayonotlarini yolg‘onga chiqargan.

“Yevroittifoqning Rossiya bilan ehtimoliy urush haqidagi bayonotlari qip-qizil yolg‘on va uydirma.  Gebbels aytganidek, yolg‘on qancha aql bovar qilmas bo‘lsa, unga shuncha tez ishonadilar. Rossiya hech qachon Yevropa mamlakatlariga tahdid qilmagan va tahdid qilmaydi ham. Rossiya rus bazalariga zarba berishga uringan har qanday kuchni yer bilan bitta qiluvchi vositalarga ega”, – degan Putin.

Rossiya YeOII nomidan ham Armanistonga jiddiy talab yo‘llagan. Ostona sammiti yakunida YeOIIga a’zo to‘rt davlat (Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya) rahbarlari nomidan tarqatilgan bayonotda Armaniston YeI va YeOII o‘rtasidagi tanlov bo‘yicha imkon qadar tezroq referendum o‘tkazishi lozimligi qayd etilgan.

Armanistonning G‘arb bilan yaqinlashuv siyosatidan darg‘azab bo‘lgan Moskva Putinning bayonotidan bir kun o‘tib, 30-may kuni Yerevandagi elchisi Sergey Kopirkinni maslahatlashuv uchun chaqirtirib olgan. Rossiya tashqi ishlar vazirligining qisqa bayonotida Yerevandagi rus elchisi Armaniston rahbariyatining “YeOII doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazuvchi, YeI bilan yaqinlashishga qaratilgan qadamlari sababli” Moskvaga maslahatlashuvga chaqirilgani qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida: elchining maslahatlashuv uchun chaqirib olinishi – norozilik bildirishning diplomatik usullaridan biridir. Bunday qadam ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar darajasining ramziy ravishda pasayishiga olib keladi.

Armaniston YeI va AQSh bilan yaqinlashuv yo‘lini tutgani bois Moskva tomonidan jiddiy bosimga uchramoqda.

Bir hafta avval Armaniston Yevroittifoqqa qo‘shilish jarayonini davom ettirsa, Rossiya tabiiy gaz, neft mahsulotlari va ishlov berilmagan olmos yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bir tomonlama to‘xtatishi yoki bekor qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Rossiyaga Armanistondan mineral suv, sabzavotlar va konyak eksporti allaqachon taqiqlandi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning joriy yil aprel oyida Moskvada prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvi ham ziddiyatlarga boy tarzda kechgandi. O‘shanda ham Putin Armaniston YeOII va YeI o‘rtasida tanlov qilish shartligini ta’kidlab, Rossiya Yevropaga 1000 kubometr gazni 600 dollardan sotgani holda Armanistonga 177 dollardan berayotganini aytgan edi.

Nikol Pashinyan hukumati Rossiyadan masofalashuv siyosatini yuritib kelmoqda. 2024 yil fevral oyida Pashinyan Armanistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi (KXShT) ishtirokini “muzlatib qo‘ygandi”.

Armaniston bosh vaziri Rossiya shamsiyasi ostidagi mazkur harbiy tuzilmaning bir qator yig‘inlarida qatnashishdan ham bosh tortgan. https://xabar.uz/pm5m
Munosabatlar sovuqlashuvi ortidan 2024-yilda Armaniston poytaxti Yerevan shahridagi “Zvartnots” xalqaro aeroportida 32 yil davomida xizmat o‘tagan Rossiya chegarachilari ham o‘z uyiga qaytarilgan.

Joriy yil bahorda Armaniston parlamenti  va prezidenti mamlakatning YeIga kirishi jarayonini boshlash haqidagi qonunni ma’qulladi. 5-may kuni bo‘lib o‘tgan Armaniston–YeI sammitida Bryussel Yerevanning Yevropa yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Moskva va Yerevan ziddiyatining kuchayishi Armanistonda joriy yil 7-iyun kuni o‘tadigan parlament sayloviga to‘g‘ri kelmoqda.

Reuters agentligi G‘arb davlatlari razvedka xizmatlariga tayanib xabar berishicha, Rossiya saylovda Nikol Pashinyanning g‘alabasini yo‘qqa chiqarish uchun dezinformatsiya kampaniyasini olib bormoqda. Pashinyan G‘arb bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratishidan xavotirda bo‘lgan Kreml rossiyaparast biznesman Samvel Karapetyanni bosh vazir sifatida saylashga urinayotgani aytilmoqda. Reuters yozishicha, Moskva Pashinyan g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Rossiya hududida yashayotgan yuz mingga yaqin armanlarni ovoz berishga yuborishni rejalashtirmoqda.

AQSh esa 7-iyun kungi saylovda Pashinyan nomzodini dastaklamoqda. Jumladan, prezident Donald Tramp saylov arafasida Pashinyanni o‘z mamlakatini kuchli, farovon va xavfsiz qilish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan yaqin do‘st va ko‘zga ko‘ringan yetakchi deb maqtagan va saylovda uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Qolaversa, joriy hafta boshida AQSh davlat kotibi Marko Rubio Yerevanga tashrif buyurgan va hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring