Putin «Moldovani darg‘azab qiluvchi» hujjatni imzoladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dnestrbo‘yi aholisining Rossiya fuqaroligini olishini osonlashtiruvchi farmonga imzo chekdi.
Ushbu hujjatga muvofiq, Dnestrbo‘yining voyaga yetgan aholisi RFning fuqarolik to‘g‘risidagi qonuni 15-moddasi 1-3-bandlarida ko‘zda tutilgan talablarga rioya qilmagan holda fuqarolik olishi mumkin.
Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning 15-moddasi 1-3-bandlarida Rossiya fuqaroligini olish uchun mamlakatda besh yil mobaynida doimiy yashash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligini bilish kabi talablar ko‘zda tutilgan.
Putin ma’qullagan farmon Dnestrbo‘yi aholisiga rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha imtihon topshirmasdan ham RF fuqaroligini olish imkonini beradi.
Dnestrbo‘yi – Moldova Respublikasi tarkibidagi separatistik kayfiyatdagi hudud. 1990-yilda Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi tuzilgani e’lon qilingan edi. Ammo bu respublikani dunyo davlatlari va BMT tan olmagan.
Dnestrbo‘yida 1 500 nafar rossiyalik askar mavjud. Moldova rahbariyati ko‘p yillardan buyon hududdan rus qo‘shini olib chiqib ketilishini talab qilib keladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Dnestrbo‘yi aholisiga Rossiya fuqaroligini berishni osonlashtirish tartibi ayirmachilik kayfiyatini yanada kuchaytirishi mumkin. Bu esa Moldovada keskin e’tiroz uyg‘otishi tabiiy.
Joriy yil aprel oyida RF Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Dnestrbo‘yida yashayotgan 220 mingdan ziyod rossiyalikning manfaatlari Moldova va Ukrainaning xatti-harakatlari sabab tahdid ostida qolayotgani, Moskva bu borada kerakli choralarni ko‘rishi haqida bayonot bergandi.
O‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan hudud aholisi jami 470 ming ekani aytiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter