Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorabog‘da tarixiy obidalarning vayron etilishini YuNESKO taftish etishi kerak – Ozarbayjon prezidenti yordamchisi

Qorabog‘da tarixiy obidalarning vayron etilishini YuNESKO taftish etishi kerak – Ozarbayjon prezidenti yordamchisi

Foto: APA

Ozarbayjon tarixiy merosga qarshi zo‘ravonlik harakatlari yuzasidan YuNESKOning munosabat bildirishini 30 yildan beri kutmoqda. Bu haqda Ozarbayjon prezidentining yordamchisi Hikmat Hojiyev «Madaniyat yo‘lidagi dunyo» global kampaniyasi doirasida Bokuda tashkil etilgan forumda so‘zlagan.

«Trend» agentligi xabariga ko‘ra, H.Hojiyev Ozarbayjonning 30 yil avval bosib olingan hududlaridagi tarixiy-madaniy obidalar vayron etilganiga e’tibor qaratgan.

«Bizning madaniy merosimiz muntazam ravishda vayron etilgan. Biz YuNESKO u yerga tashrif uyushtirishi va Ozarbayjon madaniy merosiga qarshi amalga oshirilgan harakatlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirishini 30 yil davomida kutdik», – degan Ilhom Aliyevning yordamchisi.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon madaniyati 30 yil davomida adolatsiz munosabat qurboni bo‘lgan.

Ozarbayjon vakili ushbu masalaga xalqaro hamjamiyat e’tibor qaratishi lozimligi, xususan, YuNESKO Qorabog‘ hududiga missiya yuborib, madaniy meros ob’yektlarini vayron etish faktlarini o‘rganishi va xulosa berishi lozimligini ta’kidlagan. 

Ozarbayjon prezidenti yordamchisi Armaniston ishg‘olidan ozod etilgan Qorabog‘da xususan, Shusha shahrida madaniy meros ob’yektlarini tiklash ishlari boshlanganini ta’kidlagan.

Ayni kunlarda Parijda YuNESKOning Haaga konvensiyasi bo‘yicha davom etayotgan 14-majlisida Ozarbayjon madaniy merosni tiklash, rivojlantirish va muhofaza etish davlat xizmati rahbari Ozod Ja’farli ham Qorabog‘dagi obidalar muammosini ko‘targan va hududga YuNESKOning texnik missiyasi yuborilishi muhimligini qayd etgan.

Mazkur mamlakat tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham YuNESKO Bosh konferensiyasi 41-sessiyasida so‘zlagan nutqida qariyb 30 yillik okkupatsiya davrida mintaqadagi tarixiy-madaniy obidalar ayanchli holatga solingani haqida gapirgan edi.

«Ishg‘ol davrida yuzlab madaniy obidalar qasddan butkul vayron qilingan, zarar-ziyon yetkazilgan, talon-toroj etilgan hamda tarixiy-madaniy xususiyatini yo‘qotish maqsadida o‘zgartirilgan. 67 masjiddan 65 tasi yer bilan yakson qilingan. Qolgan ikkitasi esa tahqirlangan – cho‘chqa va sigirlar uchun og‘ilxona sifatida foydalanilgan. Bu musulmon dunyosiga hurmatsizlikdir. Minglab muzey eksponatlari Armanistonga noqonuniy ravishda tashib ketilgan», – degan J.Bayramov.

Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020-yil 27-sentyabrdan 9-noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020-yilning 10-noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa mamlakat hududiy yaxlitligi tiklandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning videokonferensiya shaklidagi sammitida Ozarbayjonning Qorabog‘ hududini qaytarib olishini «tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alaba» deb atagan va O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan edi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring