Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

ShHT sammiti: Xitoydan G‘arbga jiddiy chaqiriq (foto)

ShHT sammiti: Xitoydan G‘arbga jiddiy chaqiriq (foto)

Foto: CFP

Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitini butun dunyo diqqat bilan kuzatdi. Yigirmadan ziyod davlat rahbari qatnashgan oliy darajadagi mashvaratda ko‘plab muhim masalalar qatori G‘arb modeli asosida shakllangan global boshqaruvga muqobil ravishda yangi umumjahon boshqaruv usulini joriy etish taklif qilindi.

Tadbir mezboni – Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ShHT davlatlari G‘arb tartib-nizomiga muqobil yo‘l taklif etishi mumkinligini ta’kidladi.

“Men global boshqaruv tashabbusini taklif etmoqchiman. Buning doirasida biz barcha davlatlar bilan hamkorlikda adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini joriy etish, insoniyatning mushtarak taqdiri hamjamiyatini barpo etish yo‘lida yelkama-yelka turishga tayyormiz”, – dedi Xitoy rahbari.

Rasmiy Pekin taklif etayotgan yangi global boshqaruv suveren tenglik, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish, ko‘ptomonlama siyosiy kurs, insonlarga yo‘naltirilgan yondashuv va real xatti-harakatlarga tayanish kabi tamoyillarga asoslanadi.

“Ayrim mamlakatlarning ichki tartibini boshqalarga zo‘rlab kiritishi to‘g‘ri emas... Biz gegemonlikka qarshi aniq pozitsiyani egallashimiz va chinakam ko‘ptomonlama yondashuv siyosatini amalga tatbiq etishimiz kerak”, – dedi Si Szinpin.

Foto: AFP

Tahlilchi Denis Denisovning fikricha, ShHT sammiti ko‘pqutblilik tomon tashlangan qadam hisoblanadi. Qolaversa, Tyanszin uchrashuvlari AQSh tomonidan global miqyosda olib borilayotgan iqtisodiy bosim siyosatiga javob qaytarish imkonini taqdim etmoqda.

“Bugun nafaqat AQSh, balki boshqa yirik savdo-iqtisodiy hamkorlar va muhim global o‘yinchilarga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘ylaymanki, (ShHT sammitida) ushbu maqsadga erishilmoqda, hech bo‘lmasa, bu borada kelgusi qadamlar belgilab olinmoqda”, – deydi D.Denisov.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbarining tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda, ShHT o‘z to‘lov-hisob tizimini joriy etishi zarurligini aytgan. Tahlilchilar ShHT makonida muqobil to‘lov tizimi va yagona valyuta taklifi ro‘yobga chiqsa, dollarning global mavqeini zaiflashtirishi mumkin, deb hisoblaydi.

Tyanszin shahridagi sammit yakunida, 1 sentyabr kuni ShHT deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda tashkilot doirasida harbiy, energetika, transport yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish, sun’iy intellekt xavfsizligi bo‘yicha aloqalarni jonlantirish belgilangan.

ShHT davlatlari, shuningdek, BMTni zamonaviy siyosiy, iqtisodiy holatga moslashtirish maqsadida tegishli islohotlar o‘tkazish zaruratiga ham to‘xtalgan. Qolaversa, G‘azo sektorida tinch aholi orasida ko‘p sonli qurbonlar bo‘layotgani va yuzaga kelgan gumanitar falokat yuzasidan chuqur xavotir izhor etilgan.

DW nashri Tyanszin deklaratsiyasda Ukraina urushi esga olinmaganiga e’tibor qaratgan.

Xitoy, Rossiya va Hindiston rahbarlari uchrashuvi DW talqinida.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi “Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi yirik bosqinchilik urushi ushbu muhim, fundamental hujjatda” aks etmagani yuzasidan taajjub bildirgan.

DW’ga ko‘ra, ShHT sammitida nutq so‘zlagan prezident Putin Ukrainaga hujum borasida Rossiya propagandasi qarashlarini yana bir karra takrorlagan.

Avval xabar berganimizdek, 1 sentyabr kuni ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT makonida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish bo‘yicha bir qator amaliy takliflarni ilgari surdi.

“ShHT plyus” formatidagi majlisda esa Sh.Mirziyoyev Xitoy rahbari ilgari surgan global boshqaruv bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

2001 yil 15 iyunda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tomonidan ta’sis etilgan ShHT keyingi yillarda kengayib bormoqda. Ayni paytda tashkilot a’zolari soni 10 tagacha yetgan, yana 14 davlat hamkor hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring