SSSR foydasiga josuslik qilgan sobiq MRB xodimi qamoqxonada vafot etdi
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining (MRB) sobiq xodimi Oldrich Eyms josuslik uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan paytida 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda AQSh qamoqxonalar byurosi ma’lum qildi.
Eyms MRBda 31 yil xizmat qilgan va sovet yo‘nalishidagi kontrrazvedka bo‘limiga rahbarlik qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 1985–1993 yillar orasida SSSR va keyinchalik Rossiya foydasiga maxfiy ma’lumotlarni sotgan. Bu ma’lumotlar tufayli AQSh foydasiga ishlagan bir necha o‘nlab agentlar fosh etilgan va kamida o‘nlab insonlar halok bo‘lgan.
Eyms Kremlga AQSh bilan hamkorlik qilgan rossiyalik agentlar ismlarini topshirgan. Uning faoliyati MRBning maxfiy operatsiyalariga jiddiy zarar yetkazgan va AQSh prezidentlari Ronald Reygan, Jorj Bush (katta) va boshqa rahbarlar noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan tanishtirilgan.
Eyms va uning rafiqasi Rozario shubhali darajada boy hayot tarzi olib borgani – qimmat avtomobillar, Shveysariya bank hisoblari va katta xarajatlar – ortidan fosh etilgan va u 1994-yilda hibsga olingan edi.
Bu ish AQSh–Rossiya munosabatlarida jiddiy keskinlikka sabab bo‘lgan. O‘shandagi MRB rahbari Jeyms Vulsi iste’foga chiqqan, agentlikda keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilgan.
AQSh prezidenti Bill Klinton Eyms ishini «juda jiddiy» deb atagan, Kreml esa bu voqeani ahamiyatsiz deb baholagan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter