Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent — global kapital chorrahasi: TXIF-2026 dunyoning $42 trillionlik aktivlarini boshqarayotgan investorlarni birlashtiradi

Toshkent — global kapital chorrahasi: TXIF-2026 dunyoning $42 trillionlik aktivlarini boshqarayotgan investorlarni birlashtiradi

Joriy yilning 16–18-iyun kunlari poytaxtimizda beshinchi, yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) bo‘lib o‘tadi. Ushbu anjuman besh yil ichida oddiy muloqot maydonidan chiqib, Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanish sur’atini belgilovchi bosh platformaga aylandi.

Bu yilgi forum rekord darajadagi ko‘rsatkichlar bilan tarixga kirmoqda, unda qatnashish uchun 100 ta mamlakatdan 8 316 nafar ishtirokchi, jumladan 3 423 nafar xorijiy delegat ro‘yxatdan o‘tgan.

«Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik» shiori ostida o‘tadigan bu yilgi anjumanning o‘ziga xosligi — unda qatnashayotgan biznes vakillarining misli ko‘rilmagan ko‘lamidir. Toshkentda jam bo‘ladigan kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarni tashkil etadi. Bu global yalpi ichki mahsulotning qariyb 38 foizi demakdir.

Forumda dunyo iqtisodiyoti drayverlari bo‘lgan 37 ta davlatning yirik korporatsiyalari rahbarlari shaxsan ishtirok etadi. Real sektordan 2 780 nafardan ziyod top-menejerlar tashrif buyuradi, bu esa o‘tgan yilgiga nisbatan 1 115 nafarga ko‘pdir.

Mo‘tabar moliya olamidan BlackRock, JPMorgan Chase, Citibank, Visa, Franklin Templeton va Rothschild & Co, energetika sektoridan ACWA Power, Masdar, BP, EDF va Power China, yuqori texnologiyalar sohasidan esa Meta kabi brendlar forumning asosiy ishtirokchilari hisoblanadi.

Biznes namoyondalarining tashrifi forumning yuqori siyosiy maqomi bilan hamohangdir. O‘tgan yili Toshkentga 26 ta hukumat delegatsiyasi kelgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 62 taga yetdi. Anjumanning ochilish marosimida Rossiya, Albaniya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat va hukumat rahbarlari ma’ruza qiladi.

Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining 372 nafar vakili, jumladan YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso, BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Russeff hamda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki rahbarlari Toshkentdagi muzokaralarda qatnashadi.

Bu yil forum dasturidagi tadbirlar soni 36 tadan 79 taga ko‘paytirildi. Ishtirokchilarni 34 ta panel munozarasi va AQSh, Xitoy, Koreya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va BAA bilan o‘tkaziladigan 7 ta yirik ikki tomonlama biznes-forum kutmoqda.

Muhokamalar markazida kundalik mavzular emas, balki quyidagi strategik yo‘nalishlar turadi:

  • Yashil va atom energetikasiga o‘tish;
  • Muhim va nodir minerallarni qazib olish;
  • «Markaziy yo‘lak» logistika imkoniyatlari;
  • Sun’iy intellekt va raqamli boshqaruv;
  • Islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi.

Shuningdek, xorijlik investorlar kengashining to‘rtinchi yalpi majlisi doirasida dunyoning 75 ta eng yirik kompaniyasi O‘zbekistondagi biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini davlat rahbariyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etadi.

TXIF-2026 tarixida ilk bor rasmiy uchrashuvlar doirasidan chiqqan holda «sport diplomatiyasi» formati joriy etilmoqda. Investorlar va hukumat vakillari uchun «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Silk Road Night Run tungi marafoni hamda Olimpiya shaharchasida TIIF Open tennis turniri tashkil etiladi.

Mazkur global voqeani dunyoning 41 mamlakatidan kelgan 200 dan ortiq xorijiy jurnalistlar yoritadi. Ular orasida Bloomberg, Reuters, Nikkei, Euronews, BBC News va The Independent kabi nufuzli media gigantlar ham bor.

Bor-yo‘g‘i uch kun davom etadigan TXIF-2026 doirasida o‘n milliardlab dollarlik strategik bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Ushbu anjuman O‘zbekiston iqtisodiyotining global bozordagi investitsiyaviy yetukligini ko‘rsatuvchi bosh imtihon va eng yirik muvaffaqiyat platformasi bo‘ladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring