Tramp endi Kanadaga chegaradagi ko‘prik bilan tahdid qilyapti
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaga nisbatan bosimni kuchaytirib, bu safar AQSh–Kanada o‘rtasidagi strategik ahamiyatga ega infratuzilma ob’yekti — Gordi Xou chegara ko‘prigiga e’tibor qaratdi.
Trampning aytishicha, AQSh Kanadadan to‘liq kompensatsiya olmaguncha mazkur ko‘prikni ochishga ruxsat berilmaydi. U bu haqda Truth Social platformasida yozdi.
«Kanada AQSh bergan barcha yordamni to‘liq qoplamagunicha, men bu ko‘prikni ochishga yo‘l qo‘ymayman», – degan u.
Prezident, shuningdek, Kanadaning AQShga nisbatan «adolatli va hurmat bilan» munosabatda bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, ko‘prikning kamida yarmi AQSh mulki bo‘lishi lozimligini bildirdi.
Trampning bu pozitsiyasi Michigan shtatidagi demokratlar tomonidan keskin tanqid qilindi. Shtat gubernatori Gretxen Uitmer matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ko‘prik qurilishi to‘liq Kanada tomonidan moliyalashtirilgan va uni ekspluatatsiya qilish qo‘shma mulkchilik asosida amalga oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘prik har qanday holatda ham ochiladi».
Michigan senatori Elissa Slotkin esa Trampni o‘zi boshlagan savdo urushi uchun shtat aholisini jazolashda aybladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2023-yilning o‘zida Detroyt hududidagi ushbu chegara o‘tish punkti orqali yuk mashinalarida 126 milliard dollarlik tovarlar tashilgan. AQSh Kanada uchun eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda.
OAVlarga ko‘ra, Trampni ayniqsa Kanadaning ko‘prikning har ikki tomonini nazorat qilishi va qurilishda deyarli amerikalik mahsulotlar qo‘llanilmagani norozi qilmoqda. Shu bilan birga, u Kanada bosh vaziri Mark Karnini ham tanqid qilib, uni Xitoy bilan yaqinlashishda aybladi. Trampga ko‘ra, bunday kelishuv «Kanadani Xitoy ta’siriga to‘liq olib kiradi».
Avvalroq Donald Tramp Kanada Xitoy bilan savdo bitimi tuzsa, 100 foizlik boj joriy etish bilan ham tahdid qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter