Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Venesuelani Amerikaning 51-shtatiga aylantirmoqchi

Tramp Venesuelani Amerikaning 51-shtatiga aylantirmoqchi

Foto: Shutterstock

AQSh prezidenti Venesuelani Amerikaning 51-shtatiga aylantirish masalasini «jiddiy ko‘rib chiqayotgani» aytilmoqda.

Prezident bu haqda «Fox News» muxbiri Jon Roberts bilan telefon orqali suhbatda gapirgan. Roberts X ijtimoiy tarmog‘idagi postida: «Hozirgina Donald Tramp bilan telefonda gaplashdim... u menga Venesuelani 51-shtatga aylantirish harakatini jiddiy ko‘rib chiqayotganini aytdi», — deb yozgan.

Tramp 2026-yilgi Jahon beysbol musobaqasi davomida Janubiy Amerika mamlakati AQShga qo‘shilishi mumkinligi haqida bir necha bor gapirgan.

U bu taklifni Venesuela turnir yarim finalida Italiyani 4:2 hisobida mag‘lub etganidan keyin ilk bor tilga olib, «Truth Social» tarmog‘ida: «So‘nggi paytlarda Venesuelada yaxshi ishlar bo‘lyapti. Bu qanday sehr ekanligi qiziq? 51-shtat, kim qo‘llaydi?» — deb yozgan.

Oradan bir kun o‘tib, Venesuela finalda AQShni mag‘lub etgach, yana «Shtat maqomi!!!», deb post qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 3-yanvar kuni erta tongda AQSh harbiy operatsiya doirasida Karakasdagi Fort Tiuna harbiy majmuasida Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olib, AQShga olib ketgandi.

Hozirda Maduro «Metropolitan Detention Center» qamoqxonasida saqlanmoqda. Unga qarshi narkoterrorizm kabi bir qator ayblovlar qo‘yilgan.

Tramp prezidentligining ikkinchi muddati davomida Grenlandiya va Kanadani ham o‘z nazoratiga olish bilan tahdid qilgan. Yanvar oyida u tarmoqda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirni ulashgan bo‘lib, unda AQSh bayrog‘i Kanada, Grenlandiya va Venesuela hududlarini qoplab turgani tasvirlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring