Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Trampning kuyovi G‘azo bo‘yicha taklif qilgan loyiha tanqidga uchradi

Trampning kuyovi G‘azo bo‘yicha taklif qilgan loyiha tanqidga uchradi

Foto: AFP

Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon iqtisodiy forumida AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner vayron etilgan G‘azo sektorini tiklash bo‘yicha loyihani taqdim etdi.

Rejaga ko‘ra, G‘azoning sohilbo‘yi hududida o‘nlab osmono‘par binolar, mehmonxonalar, dam olish majmualari, turarjoylar, ta’lim maskanlari barpo etiladi. Hududda yangi aeroport va port qurilishi ham ko‘zda tutilgan.  

Jared Kushner vayron bo‘lgan G‘azo olti bosqichda tiklanishi, buning uchun kamida 25 milliard dollar talab etilishini aytgan.

Trampning o‘zi ham Davosdagi chiqishida G‘azoni tiklash bo‘yicha ushbu rejani yuqori baholagan.

Sirtdan qaraganda ezgu g‘oyaga asoslangan bo‘lsa-da, AQSh tomonidan taklif etilgan G‘azoni tiklash loyihasi tanqidga uchradi. Jumladan, AQShda yashayotgan falastinlik yozuvchi Syuzan Abulxava ushbu loyihani «imperialistik reja» deb atadi.

«G‘azo sektorining tub aholisini yo‘q qilishga qaratilgan ushbu reja bo‘lgada qolgan aholini sanoat zonalari va sohil bo‘yida eksklyuziv turizm inshootlari barpo etish borasida arzon ishchi kuchiga aylantiradi», – degan Syuzan Abulxava.   

Qayd etilishicha, G‘azoni tiklash da’vosi bilan hozirlangan loyiha yuzasidan falastinliklarning o‘zi bilan maslahatlashilmagan. Qolaversa, loyihaning moliyaviy manbasi ham ochiqlanmagan.

G‘azoni tiklash loyihasi Tramp Davosda taqdim etgan Tinchlik kengashi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ammo Tinchlik kengashining 11 betlik nizomida G‘azo esga olinmagan. Shunga ko‘ra yangi kengash G‘azoni tiklashdan ham ko‘ra Trampning boshqa geosiyosiy maqsadlariga xizmat qilishi mumkinligi aytilmoqda. Tinchlik kengashi BMTga muxolif va muqobil tuzilma deb baholanmoqda.

Tanqidchilarga ko‘ra, eng asosiysi, «developerlik fantaziyasi» mahsuli bo‘lgan yangi loyihada G‘azo sektoridagi insoniy talafotlar va vayronagarchiliklar to‘liq hisobga olinmagan.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan keyin 71 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirildi, yana minglab odam vayronalar ostida qolmoqda. Ikki o‘rtada sulh bitimi imzolangan 2025-yil 10-oktyabrdan keyin ham 500 dan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. Uch oy ichida halok bo‘lganlarning 100 dan ziyodi bolalardir. 

G‘azo sektoridagi kamida 80 foiz binolar – turarjoylar, shifoxonalar, maktablar, masjidlar yer bilan yakson etildi.

Hali-hamon qamal ostida yashayotgan G‘azo sektoridagi 2,3 million aholi hayotiga bombalardan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

2025-yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.

Tel-Aviv hukumati 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatni battar yomonlashtiruvchi qaror qabul qildi.

Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan taklif etilgan loyiha shubha ostiga olinayotgani bejiz emas. Avvalroq The Guardian Kushner ayni paytda ulkan manfaatlar to‘qnashuvi gumoni ostida qolayotgani haqida yozgandi. Gazetaga ko‘ra, G‘azo sektorida urushdan keyingi tiklash-qurilish ishlari boshlansa, aynan Kushner boshqarayotgan “Affinity Partners” fondi ulkan foyda olishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring