Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampning «Tinchlik kengashi» ilk yig‘ilishi 19 fevralga rejalashtirilyapti

Trampning «Tinchlik kengashi» ilk yig‘ilishi 19 fevralga rejalashtirilyapti

Oq uy AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan «Tinchlik kengashi»ning birinchi yig‘ilishini 19-fevral kuni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Axios nashri diplomatik manbalar va amerikalik amaldorlarga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, yig‘inni o‘tkazish rejalari hali dastlabki bosqichda bo‘lib, ular o‘zgarishi mumkin. Kutilishicha, uchrashuv Vashingtonda, AQSh Tinchlik instituti binosida bo‘lib o‘tadi. Ushbu muassasa 2025 yil dekabr oyida rasman «Donald Tramp nomidagi Tinchlik instituti» deb qayta nomlangan.

Tramp ma’muriyati mazkur yig‘ilishdan G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichini amalga oshirishni ilgari surish, shuningdek, hududni tiklash uchun moliyaviy mablag‘lar yig‘ish maqsadida foydalanmoqchi.

«Tinchlik kengashi» dastlab aynan Trampning tinchlik rejasi doirasida G‘azo sektori kelajagi bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun tashkil etilgan. Keyinchalik esa AQSh prezidenti ushbu organni dunyo bo‘ylab turli mintaqaviy mojarolarni hal etishda ham qo‘llash niyati borligini bildirgan.

Kengash nizomiga muvofiq, Donald Tramp uning almashtirib bo‘lmaydigan raisi hisoblanadi va faqat ixtiyoriy ravishda lavozimdan ketishi mumkin. Boshqa davlatlar rahbarlari «Tinchlik kengashi»ga faqat AQSh prezidenti taklifi asosida qabul qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqining aksariyat yirik va ta’sirli davlatlari ushbu tashabbusda ishtirok etishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, Trampning taklifini Isroil, Vengriya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston va qator boshqa davlatlar qabul qilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring