Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vashingtondan Pekinga salom. Uyg‘ur olimasi AQShning Xitoy bilan munosabatlariga mas’ul etib tayinlandi

Vashingtondan Pekinga salom. Uyg‘ur olimasi AQShning Xitoy bilan munosabatlariga mas’ul etib tayinlandi

Foto: Oq uy

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Xitoy bilan aloqalar departamentiga uyg‘ur millatiga mansub olima Elnigor Iltebir (Elnigar Iltebir) rahbar etib tayinlandi. Oq uy ma’muriyati tomonidan qabul qilingan ushbu qaror tahlilchilar tomonidan Xitoyga nisbatan o‘ziga xos ogohlantirish sifatida baholanmoqda.

Milliy xavfsizlik kengashi Qo‘shma Shtatlarning ichki va tashqi siyosati yo‘nalishlarini belgilab beruvchi strategik ahamiyatga ega tuzilma sanaladi. Foreign Policy nashriga ko‘ra, ushbu qudratli idora rahbarlik lavozimlaridan biriga uyg‘ur olimasining tayinlanishi Vashington va Pekin o‘rtasidagi muzokaralarga shubhasiz ta’sir ko‘rsatadi.

Elnigor Iltebir – shinjonlik taniqli olim va jurnalistning qizi. Jorj Vashington universiteti hamda Harvard universiteti Davlat boshqaruvi oliy maktabida tahsil olgan. 2015-yili xalqaro xavfsizlik va iqtisodiy siyosat yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. «Xitoyning Sharqiy Turkistondagi uyg‘urlar ustidan yuritayotgan demografik siyosati» nomli kitob muallifi.

Elnizor Iltebir (chapda) singlisi Eldiydor bilan. Foto: Washington Post.

Iltebir xonim Milliy xavfsizlik kengashi departamenti rahbari sifatida prezident va Oq uy rasmiylariga Xitoyga nisbatan siyosat yuzasidan maslahatlar beradi, Vashingtonning Pekin bilan munosabatlarini muvofiqlashtiradi, xususan, savdo, qurolli kuchlar va inson huquqlariga doir masalalarni nazorat qiladi.

Vashington uchun Pekin bilan munosabat dolzarb ahamiyatga ega. Zero, Xitoy dunyoda nufus bo‘yicha birinchi, nufuz bo‘yicha esa ikkinchi mamlakat sanaladi. Ikki o‘rtada savdo urushi alanga olgan hozirgi paytda esa o‘zaro robitalar yanada taranglashgan.

Ayni choqda, AQSh rahbariyati Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholi, xususan, uyg‘urlarga nisbatan yuritayotgan siyosatini keskin tanqid qilmoqda. Uyg‘ur olimasining Xitoy bilan munosabatlarga mas’ul etib tayinlanishi esa chindan ham ramziy ma’noga ega. Demak, yaqin muddatda AQSh Xitoyga nisbatan siyosatda inson huquqlari masalasiga yanada jiddiy e’tibor qaratsa ajab emas.

AQSh davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida  yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda. Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

Prezident Donald Tramp global miqyosda diniy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlashni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qilgani ma’lum. Inchunin, Oq uy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida mahalliy musulmonlar huquqlari buzilishi yuzasidan ham rasmiy Pekinga ko‘pdan beri e’tiroz bildirib keladi. Qo‘shma Shtatlar Xitoy rahbariyatidan «madaniy genotsid»ni to‘xtatishni talab qilarkan, aks holda, iqtisodiy jazo choralari joriy etilishidan ogohlantirgan. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo esa uyg‘ur musulmonlariga nisbatan amalga oshirilayotgan zo‘ravonliklarni «asr sharmandaligi» deb atagan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida ko‘p sonli yopiq lagerlarda mahalliy musulmonlar tutqinlikda saqlanayotganini qoralagan.   

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring