Xitoyda tug‘ilishni ko‘paytirish uchun kontratseptiv vositalarga soliq solindi
Xitoy hukumati tug‘ilish darajasining tez sur’atda kamayib borayotgani fonida rag‘batlantiruvchi siyosatni kuchaytirish maqsadida kontratseptiv vositalar uchun 13 foizli soliq joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
1993-yilda qat’iy «bir bolali siyosat» joriy etilganidan beri kontratseptiv vositalar QQSdan ozod qilingan edi. Endi esa barcha kontratseptiv mahsulotlar sotib olganda 13 foiz QQS to‘lanadi.
Shu bilan birga, Xitoy hukumati bo‘lajak ota-onalar uchun rag‘batlantiruvchi imtiyozlarni ham kuchaytirmoqda. Jumladan, bolalar bog‘chalari va maktabgacha ta’lim muassasalari, qariyalarni parvarish qilish xizmatlari hamda nikohga oid xizmatlar uchun soliqdan ozod qilish tartibini joriy etmoqda.
Xitoy aholisi uch yildirki, uzluksiz kamaymoqda. 2023-yilda tug‘ilgan bolalar soni 9,54 million bo‘lib, bu 10 yil avvalgi ko‘rsatkichning yarmini tashkil etadi.
Hukumat so‘nggi yillarda tug‘ilishni qo‘llab-quvvatlash uchun qator choralarni, xususan, pulli to‘lovlar, ona va ota uchun mehnat ta’tili, uy-joy, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridagi yengilliklarni joriy etdi. Biroq hozirgacha asosiy muammo o‘z yechimini topmay taribdi.
2024-yilda Pekindagi Yuwa Population Research Institute hisoblashlariga ko‘ra, Xitoyda bolani 18 yoshgacha tarbiyalash uchun 76 ming dollar atrofidagi mablag‘ sarflanadi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Muttaxassis He Yapuning ta’kidlashicha, kontratseptiv vositalarga soliq qo‘yish tug‘ilish darajasini darhol oshirmaydi, ammo hukumatning ramziy ravishda tug‘ilishni rag‘batlantirish siyosatini kuchaytiruvchi ishora sifatida qabul qilinishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter