Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aliment kimlarga qancha beriladi?

Aliment kimlarga qancha beriladi?

«Mahallamizda taqdir taqozosi bilan oilasidan ajrashib, farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ayol bor. Unga farzandi uchun aliment undirib berishga yordam bermoqchimiz. Buning tartibini bilmoqchi edik».

Konstitutsiyamizning 64-moddasiga binoan ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Bu shunchaki gap emas, bolalar uchun g‘amxo‘rlik qilish majburiyatining qonuniy asosi hisoblanadi.

Shuningdek, Oila kodeksida ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi belgilab qo‘yilgani ham bu majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishiga asos bo‘ladi.

Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

Aliment undirishda bolaning ota-onasi o‘zaro nikohda ekani yoki ular o‘rtasidagi nikoh tugatilgani ahamiyatli emas. Aliment undirishda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada otalik to‘g‘risidagi yozuv hamda bolaga ixtiyoriy ravishda ta’minot berishdan bo‘yin tovlash asos bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat shuki, ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi Oila kodeksining 81-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Shuningdek, aliment to‘lash tartibiga oid me’yoriy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, farzandlar ta’minotini yaxshilash maqsadida 2018-yil 9-yanvardagi 459-qonun bilan Oila kodeksining 99, 135, 145-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ya’ni aliment to‘lash tartibi va muddatlari, shuningdek, har bir bola uchun undiriladigan alimentning eng kam miqdori o‘zgartirildi.

Ilgari har bir bola uchun undiriladigan alimentning eng kam miqdori eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi lozim edi, ya’ni 57414 so‘mni tashkil etardi.

Endilikda alimentning eng kam miqdori eng kam ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmasligi shartligi belgilab qo‘yildi. Ya’ni hozirgi kunda alimentning eng kam miqdori 129183 so‘mdan iborat bo‘ldi.

Bundan tashqari, Oila kodeksiga voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun ko‘chmas mulk yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkinligi bo‘yicha alohida band qo‘shildi.

Ushbu norma har ikki tomon (aliment to‘lovchi va aliment oluvchi) manfaatlarini inobatga olganligi bilan ahamiyatlidir.

Birinchidan, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs alimentni oldindan to‘lashi natijasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi va bu bilan u istalgan vaqtda chet davlatga vaqtincha yoki doimiy yashash uchun chiqib ketish va boshqa shunga o‘xshash huquqlarini erkin amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, aliment oldindan to‘lanishi voyaga yetmagan bolani iqtisodiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlashga mustahkam zamin yaratadi.

Savolga huquqshunos Nasiba To‘rayeva javob berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring