Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tahririyatga murojaat: «Farzandim AKTga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qishini xohlayman»

Tahririyatga murojaat: «Farzandim AKTga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qishini xohlayman»

Foto: «Inha.uz»

Yaqinda tahririyatimizga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. O‘zini Sohiba Bekmirzayevaman, deb tanishtirgan ayol quyidagi fikrlarni bildirdi:

— Men Farg‘ona viloyati, Bag‘dod shaharchasi, Tadbirkor ko‘chasi, 6-uyda yashayman. Uyimizga yaqin joydagi sexda ishlayman. Bir necha yildan beri «Xabar» gazetasini muntazam kuzatib boraman.

Hozir biror soha yo‘qki, u yerga axborot texnologiyalari kirib bormagan bo‘lsa. «Xabar»da ketma-ket chop etilayotgan poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab haqidagi maqolalarni qiziqish bilan o‘qib chiqyapman. Bu boradagi oxirgi xabarda maktabning 10-sinfiga o‘quvchilar qabul qilingani bayon etilgan.

Men farzandimning ham shu maktabda o‘qishini, kelgusida AKT sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan mutaxassis bo‘lishini juda-juda istayman. Sizlardan iltimos, AKTga ixtisoslashtirilgan maktab haqida to‘liq ma’lumot bersangiz va unda kelasi yili sinflarga qabul qay vaqtda boshlanadi, viloyatdagilarning farzandlari ham u yerda o‘qiy oladilarmi, yotoqxona ham tashkil etiladimi kabi savollarimga javob bersangiz.

Foto: «Facebook» / AlKhorezmiySchool

Sohiba Bekmirzayevaning savollariga mazkur maktab direktori Amirullo Abdullayev quyidagicha javob berdi:

— Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixticoclashtirilgan maktabimizda matematika, fizika, informatika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirib o‘qitiladi. 2017-2018 o‘quv yili uchun 5-sinflarga qabul bo‘yicha tanlov e’lon qilinganida, 189 nafar o‘quvchi hujjat topshirdi. Tanlovdan so‘ng matematika va ingliz tili fanlaridan yuqori natijaga erishgan 60 nafar o‘quvchi qabul qilindi.

Shuningdek,10-sinfga ham qabul uchun tanlov e’lon qilindi. Matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan bo‘lib o‘tgan imtihon natijalariga asosan 100 nafar talabgordan bo‘sh o‘ringa 14 nafar o‘quvchi qabul qilindi.

5 va 10-sinflarga qabul imtihonlari Toshkent shahridagi INHA universiteti binosida o‘tkazildi. Imtihon jarayonida ishtirok etgan ota-onalar barcha jarayonni bevosita videokuzatuv orqali kuzatib borishdi va imtihon shaffof tarzda, hech qanday qonunbuzarliklarsiz o‘tkazilganligiga guvoh bo‘lishdi.

Ixticoclashtirilgan maktabimizda darslar 5-10-sinflarda olib boriladi. Bugungi kunda maktabimiz tashkil etilgunga qadar o‘qish olib borilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi maktab o‘quvchilari bilan qo‘shib hisoblanganda jami sinflar soni 28ta bo‘lib, ularda 860 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. Matematika, informatika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirilib, guruhlarga bo‘lingan holda o‘qitilmoqda.O‘quvchilarga 60 nafar pedagog ta’lim va tarbiya berayotir. Maktabimiz moddiy-texnik bazasi boyitib borilyapti. Informatika sinf xonalari oxirgi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlandi. Ixtisoslashtirilgan maktabimizning 5-sinfiga qabul uchun hujjatlar Nizomga muvofiq har yili 1 — 20 iyul kunlari qabul qilinadi. Tanlovni sifatli va raqobat asosida o‘tkazish maqsadida biz hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida bir oy oldin tanlov haqida ommaviy axborot vositalari (respublika, viloyat va tuman (shahar) gazetalari)da e’lon beramiz.

Tanlovning yozma va og‘zaki sinov savollari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi INHA universiteti mutaxassislari jalb etilgan holda shakllantiriladi. Ixtisoslashtirilgan maktabga kirish imtihonlari avgust oyida o‘tkazilishi belgilangan. 6-9-sinflarda o‘z xohishiga va boshqa sabablarga muvofiq ketgan o‘quvchilar o‘rinlariga qo‘shimcha tanlov e’lon qilinadi. Bunda tanlov o‘quvchining bitirgan sinf hajmidagi o‘quv fanlaridan  maktabimiz talablaridan kelib chiqqan holda tashkil etiladi. Sinovlar yozma va og‘zaki shaklda, savollari umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari doirasida o‘zbek tilida o‘tkaziladi.

Viloyatlardan kelib o‘qish masalasiga kelsak, bugungi kunda o‘quvchilarimiz orasida bunday bolalar ham bor. Ular hali maktabning yotoqxonasi bo‘lmaganligi tufayli qarindoshlarining vasiyligi asosida o‘qishga qabul qilingan. Yotoqxona tashkil etish masalasi esa rejamizda asosiy masala sifatida turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring