Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Futbol tomosha qilish yurak xurujiga sabab bo‘lishi mumkin

Futbol tomosha qilish yurak xurujiga sabab bo‘lishi mumkin

Foto:«Dreamstime.com»

Millionlab futbol muxlislari uchun o‘yinlarni kuzatish, hatto televizor qarshisida bo‘lsa ham, hayajonli, shu bilan birga asabiy damlarni taqdim etadi. Jahon chempionati o‘yinlari esa hech bir trillerdan qolishmaydi. Ayrimlar o‘z salomatligiga futbol tomoshasi jiddiy zarar yetkazishi mumkin, hatto bu mashg‘ulot o‘limgacha olib kelishi hech gap emas. Olimlar shunday to‘xtamga kelishgani haqida «Berliner Kurier» xabar bermoqda.

Muxlislarga qanday xavf tahdid soladi?

Statistika ko‘rsatishicha, katta futbol musobaqalari paytida spirtli ichimliklar iste’mol qilish bilan bog‘liq urush-janjallar, yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlar soni oshishidan tashqari, infarkt holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda. Gap shundaki, emotsional stress qon bosimi va puls oshishiga olib keladi. Albatta, yuragi sog‘lom inson o‘yin ko‘rib o‘tirib dabdurustdan yurak xurujidan o‘lib qolmaydi. Ammo yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekayotgan insonlarning hayotiga emotsional stress xavf solishi mumkin.

Xavf qanchalik yuqori?

Buni Lyudvig Maksimilian nomidagi Myunxen universiteti olimlari 2006 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati chog‘ida o‘tkazgan tadqiqot natijalari yaqqol ko‘rsatib bera oladi. Tadqiqot davomida ular tez yordam shifokorlarining emotsional stress odamlarning holatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishiga doir hisobotlarini o‘rganib chiqishdi. Aniqlanishicha, Germaniya terma jamoasi o‘ynagan kunlarda jahon chempionatining boshqa kunlariga nisbatan uch barvar ko‘p odam o‘tkir yurak buzilishlari bilan kasalxonalarga tushgan. Yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekuvchilarga shu kunlarda to‘rt barvar ko‘p shoshilinch yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri kelgan. Britaniyaliklar olimlar esa quyidagi xulosalarga kelishdi: 1998-yilda Angliya terma jamoasi argentinaliklarga yutqazib qo‘ygan kuni inglizlar orasida infarkt holati 25 foizga ko‘paygan.

Muxlislar o‘zlarini yurak xurujidan qanday himoyalashlari mumkin?

Kimning yuragida mammosi bo‘lsa yo mazasi qochayotgan bo‘lsa tashxis olish uchun shifokorga murojaat qilishi shart. Agarda unda gipertoniya aniqlansa, qon bosimini pasaytiruvchi dori-darmonlar buyuriladi. Yurak-qon tomir xastaliklarining og‘irroq formalarini boshlaridan o‘tkazayotganlarga esa futbol o‘yinining eng asabiy daqiqalarida televizor qarshisidan uzoqlashish tavsiya etiladi. Unutmaslik kerak, kuchli hayajonga sabab bo‘luvchi yoki jahlni chiqaruvchi istalgan omil infarkt xavfini yuzaga keltiradi. Qon bosimini pasaytirish uchun bo‘shashish, yotish, tinch va bir tekis nafas olish lozim. Bu jarayon to o‘zingizni yana yengil his eta boshlaganingizni sezguningizcha davom etishi lozim. Yodda tuting: alkogol ichimliklar ham qon bosimini oshirib yuborishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring