Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Katta yo‘ldagi toshotar

Katta yo‘ldagi toshotar

Illyustrativ surat.

Foto: «Nashpskov.ru»

2018-yilning 7-yanvar kuni Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashovchi Begali Xolmurodov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) Sardoba tumanidagi sinfdoshining to‘yiga bordi. U yerda do‘stlari bilan ancha paytgacha vaqtichog‘lik qildi. Kuy-kuyga, qadahlar-qadahlarga ulandi. Begali sinfdoshlari bilan davrada o‘ynarkan, yeru osmon chirpirak bo‘lib aylanar, bo‘layotgan voqealar tushida kechayotgandek edi.

Keyin qanday qilib stulda o‘tirgancha uxlab qoldi, o‘zi ham bilmaydi. Bir payt ko‘zini ochsa to‘yxonada yotibdi. Allaqachon to‘y tarqagan, yon-atrofida esa hech kim yo‘q. Bir-ikkita ayollar stol-stullarni yig‘ishtirish bilan ovora. Begali alang-jalang qilib sinfdosh do‘stlarini izladi. Ammo hech qaysini topolmadi. Bir o‘zini to‘yxonda qoldirib ketgan sinfdoshlaridan ranjigancha ko‘chaga chiqdi.

Tezroq uyiga yetib olish ilinjida katta yo‘l tomon ildam yurib ketdi. Yanvarning izg‘irinli oqshomida ko‘chada yurish alamli edi albatta. Ammo Begaliga izg‘irindan ham ko‘ra sinfdoshlarining uni yolg‘iz tashlab ketgani alam qilayotgandi. «Shoshmay turinglar», — dedi o‘ziga o‘zi va Paxtakor tumani hududidan o‘tgan yo‘lning chetida  turib, o‘tkinchi mashinalarga qo‘l ko‘tara boshladi. Ammo atay qilgandek yonidan  shuv-shuv etib o‘tib ketayotgan mashinalarning birortasi to‘xtay demasdi. Bundan Begalining fig‘oni falakka o‘rladi. Mashinalarning ortidan ovozining boricha so‘kinarkan, yerdan tosh olib bir-ikki marta uloqtirdi ham. Baxtiga otgan toshlarining birortasi mashinalarga tegmadi. Asabiylashgancha navbatdagi mashinaga qo‘l ko‘tarar ekan, to‘xta deya qo‘l sermadi.

Ammo haydovchi uning mast ekanini sezdi shekilli, to‘xtamay o‘tib ketdi. G‘azab otiga mingan Begali Xolmurodov yerdan piyoladek tosh olib, mashinaga otdi. Oldin chars etgan ovoz, so‘ng mashina balonining asfalt yo‘lga chiyillab ishqalangani eshitildi. Begali o‘zidan 20-30 metrlar narida to‘xtagan mashinadan tushgan ikki erkakning o‘zi tomon yugurib kelayotganini ko‘rdi-yu,  qo‘rqqanidan yo‘lning o‘ng chetidagi katta zovurga kalla tashladi. Muzdek suvga shalop etib tusharkan,  ko‘zi yarq etib ochilgandek bo‘ldi. Bir zumda kayfi tarqab, qilib qo‘ygan ishidan dahshatga tusha boshladi. Qo‘rqqanidan nafasini chiqarmay ko‘prik panasida  bir soatcha o‘tirdi. Sovuq suyak-suyagidan o‘tib, tomirlari tortisha boshlagach asta narigi tomonga o‘tdi. Ortidan quvlaganlar ketgandir degan xayolda zovurdan chiqdi. Ammo Begalining chiqishini poylab turgan  ikki erkak shartta uning yelkasidan ushlab, katta yo‘lga sudrab chiqishdi. Ular undan nega mashinaga tosh otganini so‘raganida u «bilmayman, nima qilganimni eslolmayman, kechiringlar» deya bosh egib turaverdi.

O‘sha kuni boshqa yo‘lovchi mashinada uyiga ketar ekan, toshotarligi sabab mashinadagi bir yo‘lovchining boshiga jiddiy jarohat yetkazib qo‘yganini bildi. Ertasi kuni uyiga IIB xodimlari kelib, uni olib ketishdi va u sudga qadar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tumani sudi Begali Xolmurodovning chin ko‘ngildan pushaymonligi va uning qarindoshlari jabrlanuvchilar A.S. va A.M.ga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganini hisobga olib, uni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi bilan aybli deb topib, unga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llanib, 4 yilu 6 oy ozodlikdan cheklash jazosini tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tumani sudi raisi Z.R.Xudoyberdiyev,

Gulruh Yormatova, jurnalist.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring