Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mish-mishlar va haqiqat: Shimoliy Koreya rahbari aslida Kim? (video)

Xabar.uz siz uchun Kim Chen In — zamonaviy dunyoda eng ko‘p muhokama qilinadigan siyosiy shaxslardan biri haqida qiziq va muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Uning shaxsiyati va siyosiy faoliyati orqali siz Shimoliy Koreyadagi yopiq tizim va hokimiyat merosining qanday shakllanganini bilib olasiz.

Bu videoda Kim Chen Inning hokimiyatga kelishi, uning oilaviy merosi — Kim Chen Ir va Kim Ir Sen bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, uning davlat boshqaruvi, harbiy siyosat va mamlakat kelajagiga ta’siriga ham nazar tashlaymiz.

Kim Chen In — 2011-yildan beri KXDR oliy rahbari va 2012-yildan buyon Koreya Ishchilar partiyasi (WPK) yetakchisi. 1994-yildan 2011-yilgacha (vafotiga qadar) Shimoliy Koreyaning oliy rahbari bo‘lgan Kim Chen Ir va Ko Yong Xuining uchinchi o‘g‘li. KXDR asoschisi va oliy rahbari (1948–1994-yillar) Kim Ir Senning nabirasi.

2010-yil oxirlaridan Kim Chen In Shimoliy Koreya rahbariyatining vorisi sifatida ko‘rila boshlandi. 2011-yil dekabrida otasining vafotidan so‘ng davlat televideniyesi Kimni «Buyuk voris» deb e’lon qildi. Kim Koreya mehnat partiyasi bosh kotibi va davlat ishlari bo‘yicha prezident unvonlariga ega. 2012-yil iyul oyida u Koreya xalq armiyasining eng yuqori marshal unvoniga ko‘tarilib, Qurolli kuchlar Oliy qo‘mondoni lavozimini mustahkamladi.

Shimoliy Koreya matbuoti uni ko‘pincha «Hurmatli o‘rtoq Kim Chen In» yoki «marshal Kim Chen In» deb ataydi. U Kim Ir Senning 1960-yillardagi ham iqtisodiyotni, ham yadroviy qurol dasturini bir vaqtda rivojlantirishga qaratilgan siyosatiga sodiq qolmoqda.

Shimoliy Koreya misolida totalitar boshqaruvning yaqqol namunasini ko‘rishimiz mumkin. Xuddi otasi va bobosi davridagi kabi hozir ham shaxsga sig‘inish cho‘qqiga ko‘tarilgan. 2014-yilda BMT Inson huquqlari kengashining hisobotida Kim Chen In bir qator jinoyatlar uchun sudga tortilishi mumkinligi aytilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2013-yilda Shimoliy Koreyaning bir qator amaldorlarini, shu jumladan amakisi Chang Song Txekni qamoqqa olish va qatl etishni buyurgan. 2017-yilda Malayziyada o‘gay akasi Kim Chen Namning o‘ldirilishini buyurgan, deyiladi.

Kim Chen In davrida mamlakatning yadroviy qurol dasturi muntazam kengayishda davom etmoqda. Bu dastur AQSh va Janubiy Koreya, shuningdek, Xitoy bilan keskinlikning kuchayishiga olib keldi. 2018-2019-yillarda Kim Chen In Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In va AQSh prezidenti bilan sammitlarda qatnashdi. Shimoliy Koreya va ikki davlat o‘rtasida qisqa yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muddatli kelishuvlarga erishildi. Muzokaralar oxir-oqibat Koreyani birlashtirish bo‘yicha oldinga siljishsiz barbod bo‘ldi.
 
Bolaligi haqida
 
Shimoliy Koreya rasmiylari va davlat matbuoti Kim Chen Inning 1982-yil 8-yanvarda tug‘ilganini ta’kidlashgan, Janubiy Koreya razvedkasi rasmiylari haqiqiy sana bir yildan keyinroq, deb hisoblaydi. Kimning rasmiy tug‘ilgan yili ramziy sabablarga ko‘ra o‘zgartirilgan degan taxminlar ham yo‘q emas. 1982-yilda uning bobosi Kim Ir Senning 70 yilligi, otasi Kim Chen Ir tavalludining 40 yilligi nishonlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Kim o‘zining 40 yoshini nishonlagan bo‘lib, uning tug‘ilgan yili aslida 1984-yil ekani aytilgan.

Kim Chen Irning barcha farzandlari Shveysariyada yashagani haqida ma’lumotlar bor. Kim Chen In 1993–1998-yillarda Shveysariyaning Bern xalqaro xususiy maktabida «Chol-pak» yoki «Pak-chol» ismi bilan o‘qigan. U sinfdoshlari bilan yaxshi til topishadigan, basketbol ishqibozi sifatida tasvirlangan. Uni yoshi kattaroq talabalar qo‘riqlagan. Katta akasi Kim Chon Chxol ham u bilan bir maktabda o‘qigan.

Kim Chen In 1998-yildan 2000-yilgacha Shimoliy Koreya elchixonasi xodimining o‘g‘li sifatida Bern yaqinidagi davlat maktabida «Pak-un» yoki «Un-pak» ismi bilan o‘qigani ma’lum bo‘lgan. Rasmiylar o‘sha davrda maktabda shimoliy koreyalik talaba bo‘lganini tasdiqlashgan. Kim dastlab chet tildagi bolalar uchun maxsus sinfda o‘qigan. 2000-yilning kuzida maktabni to‘satdan tark etgan. Basketbol o‘ynashni yaxshi ko‘radigan o‘quvchi bo‘lgan, baholari va davomat reytingi yomon bo‘lgani aytiladi. Shimoliy Koreyaning Shveysariyadagi elchisi Ri Chxol uning murabbiyi bo‘lgan deyiladi. Sinfdoshlaridan biri jurnalistlarga Kim Chen In Shimoliy Koreya yetakchisining o‘g‘li ekanligini aytgan.

2012-yil aprelida Kim Chen In Shveysariyada 1991–1992-yillarda yashaganini tasdiqlovchi yangi hujjatlar paydo bo‘ldi.

Fransiyaning Lion universiteti qoshidagi anatomik antropologiya laboratoriyasi ba’zi maktablardan olingan Kimning suratini 2012-yildagi Kim Chen Inning surati bilan solishtirdi. Yuzlar 95 foiz muvofiqligi ma’lum bo‘ldi va katta ehtimol bilan ular bitta shaxs, degan xulosaga kelindi.

Aksariyat tahlilchilar Kim Chen In 2002-yildan 2007-yilgacha Pxenyandagi yetakchi ofitserlar tayyorlash maktabi — Kim Ir Sen universitetida o‘qiganini aytishadi. Kim Ir Sen nomidagi Pxenyan universitetida fizika bo‘yicha bakalavr darajasini, Kim Ir Sen nomidagi harbiy universitetda zobit darajasini olgan.

Ba’zi manbalarda aytilishicha, Kim va uning otasi 1996-yil 26-fevralda Braziliya tomonidan berilgan soxta pasportlardan turli mamlakatlarga viza olish uchun foydalangan. 10 yillik muddatga berilgan ikkala pasportda «Braziliyaning Pragadagi elchixonasi» muhri bor.

Ko‘p yillar davomida Kim Chen Inning faqat bitta tasdiqlangan fotosurati Shimoliy Koreyadan tashqarida mavjudligi ma’lum bo‘lgan. Surat 1990-yillarning o‘rtalarida olingani taxmin qilinadi. Ba’zida uning boshqa taxmin qilingan tasvirlari paydo bo‘lgan, ammo ko‘pincha bu bahsli mavzuga aylangan. Faqat 2010-yil iyun oyida, unga rasmiy lavozimlar berilishi va Shimoliy Koreya xalqiga tanishtirilishidan bir oz oldin, Shveysariyada maktabda o‘qiyotgan paytida olingan rasmlari ko‘proq chiqarildi. Birinchi rasmiy surat 2010-yil sentyabrda chiqarilgan. Suratda mehnat partiyasi konferensiyasida birinchi qatorda, otasining yonida o‘tirgani ko‘rinadi.
 
Kim Chen Inning vorisligi

2010-yilgacha Kim Chen Inning akasi Kim Chon Nam prezidentlikka asosiy voris sifatida ko‘rilgan. U 2001-yilda soxta pasport bilan Yaponiyaga kirishga urinishida qo‘lga olingan edi. Kim Chon Nam 2017-yilda Malayziyada KXDR maxsus xizmat zobitlari tomonidan o‘ldirilgan.

Barno Meliqulova,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring