Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda adolat va ma’rifat sayli tashkil etildi

Navoiyda adolat va ma’rifat sayli tashkil etildi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida «Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!» shiori ostida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari hamkorligida «Huquqiy axborot kunlari» tadbiri o‘tkazildi.

Uch kun davom etgan tadbir davomida mas’ul idoralar vakillaridan tashkil topgan 9 ta targ‘ibot guruhi a’zolari tumandagi barcha mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari hamda aholi xonadonlariga kirib borishdi. Muloqotlarda odamlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yangi qonun hujjatlarining mohiyatini aholiga tushuntirish va fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida hal qilishga alohida e’tibor qaratildi.

«Huquqiy axborot kunlari» doirasida huquqiy mavzudagi 10500 ta buklet, flayer, kitobchalar tarqatildi.

«Har bir oilaga – bir kitob» loyihasi doirasida aholiga 600 ta huquqiy va badiiy kitob berildi.

Tadbirlar davomida notariuslar tomonidan 27 ta sayyor notarial harakat amalga oshirildi. Shuningdek, tadbirda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar davomida huquqiy, oilaviy, uy-joy, kadastr, kredit olish va boshqa 600 dan ortiq masala joyida hal qilindi.

«Huquqiy axborot kunlari»ning uchinchi kuni tumandagi istirohat bog‘i va markaziy stadionda erta tongdan barcha «Adliya sayli»ga yig‘ildi. Unda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, soliq, bojxona, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, kasaba uyushma tashkilotlari, banklardan iborat jami 53 ta tashkilot «huquqiy axborot burchaklari» bilan ishtirok etdi.

Foto: «Xabar.uz»

Sayilning yana bir muhim tadbirlaridan biri yoshlarga fuqarolik pasportining topshirilishi bo‘ldi. Tuman pasport bo‘limi tomonidan 10 nafar yoshga tantanali ravishda pasportlar topshirildi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan tashkilotlarga viloyat adliya boshqarmasining «Tashakkurnoma»si topshirildi.

Marusa Hosilova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring