Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi Adliya vazirlari uchrashdi

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi Adliya vazirlari uchrashdi

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Koreya Respublikasi Adliya vaziri Pak Sang Gi bilan uchrashdi.

Koreya Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining adliya sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar jarayoni bilan tanishish, tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash, qonun hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertiza qilish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xususan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya iqlimini yaxshilash, yuridik xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish sohasidagi masalalarni muhokama qildi. 2017 yilning 23 noyabrida ikki mamlakat Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi. Uchrashuvda memorandumga muvofiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish muhimligi, bu mamlakatimizda ochilgan Janubiy Koreyaning yetakchi yuridik kompaniyalari vakolatxonalari investorlar huquqini har tomonlama himoya qilish, shartnoma-huquqiy baza sifatini oshirishga imkon berishi ta’kidlandi.

«Koreya Respublikasi delegatsiyasi inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunchilikni ishlab chiqish sohasida O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Ochiq va konstruktiv muloqot doirasida Koreya Respublikasi Adliya vaziri Pak Sang Gi mamlakatimiz adliya organlari va muassasalari faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi va ularni xalqqa yaqinlashish, faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga imkon berishini aytib o‘tdi», - deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, Koreya Respublikasi Adliya vazirligi Adliya vaziri boshchiligida adliya ishlarini nazorat qiluvchi, Vazirlar Mahkamasi darajasidagi vazirlikdir. U sud ta’qibi, hukmlarni chiqarish, immigratsiya nazorati va inson huquqlarini himoya qilishga javob beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring