Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda 2018–2019-yillarda 2 mingta ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 2018–2019-yillarda 2 mingta ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda

Foto: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi

Aholiga yanada keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratish maqsadida davlat- respublikamizda xususiy sheriklik asosida 2018-2019 yillarda 2 mingta ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 14 fevraldagi «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hamkor mutasaddi idoraradar bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan ushbu tadbirda ma’lum qilinishicha, hozir O‘zbekistonda 4 ming turdagi o‘simlik o‘sayotgan bo‘lsa, ularning 500 tasi dorivor hisoblanadi va atigi 61 tasi tibbiy maqsadlarda madaniy shaklda yetishtirilmoqda.

Foto: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi

2017 yilda xorijdan 9 ming nomdagi 2 milliard dollardan ortiq dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar import qilingan. 2018 yili o‘zimizning ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, yurtimizda 1,5 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu orqali valyutani tejash va narxlarni pasaytirish imkoni imkoniyati paydo bo‘lsa, farmatsevtika sanoatini jadal taraqqiy ettirishga katta sarmoyalar kiritishga va yalpi ichki mahsulotda soha ulushini oshirishga erishiladi.

So‘zga chiqqanlar dori mahsulotlarini o‘zimizda ishlab chiqarish ulushini oshirish asnosida ona tabiatimizga hujum qilmasdan, tabiat muvozanatini buzmasdan, chuqur ilmiy asoslangan holda yondashish talab etishi, shu bilan birga, ularning sifati va bemor organizmiga ta’siri xorijdan import qilinayotgan mahsulotdan kam bo‘lmasligiga erishish kerakligini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, bugun dori-darmon narxlarining balandligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layapti, himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish zaruriyatini tug‘dirayotgani haqida ham so‘z bordi.

Foto: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi

Yig‘ilishda yuqoridagi muammolarning yechimi sifatida ijtimoiy dorixonalar tashkil etilishi, ularda aholining ehtiyojmand qatlamlari dori-darmonlarni imtiyozli narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi, shu bilan birga, dorixona egalariga soliq imtiyozlari berilishi kerakligi aytib o‘tildi. 2018–2019-yillarda yaratilishi ko‘zda tutilayotgan ijtimoiy dorixonalarda birinchi galda zarur bo‘ladigan 344 ta dori uzilmasligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ijtimoiy dorixona tashkil etilishi haqidagi xabarlar 2016 yilning mayida paydo bo‘lgandi. O‘shanda yil yakunigacha O‘zbekistonning 129 ta tumanida «Dori-darmon» AK tizimidagi jamiyat dorixonalari qoshida ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish rejalashtirilgan, keyinchalik ushbu dorixonalarni 157 ta tumanda tashkil etish rejaga kiritilgani ma’lum qilingan edi. Mahalliy aholiga tumanlardagi aholiga dorilarni sifatli va hamyonbop, xususiy dorixonalardan ancha past narxlarda sotish ko‘zlangan ijtimoiy dorixonalarning keyingi taqdiri qanday kechgani ma’lum emas.

2018 yilning boshida ana shunday dorixonalarni tashkil etish yana kun tartibiga chiqqandi. Bu haqda Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida aholini arzon narxlardagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring