Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentning Namanganga tashrifi arafasidagi ko‘zbo‘yamachilik: ko‘chalardagi imi-jimi ta’mirlashdan kim naf ko‘radi?

Prezidentning Namanganga tashrifi arafasidagi ko‘zbo‘yamachilik: ko‘chalardagi imi-jimi ta’mirlashdan kim naf ko‘radi?

Mutasaddilarning javobi bitta: «Ko‘changizni dasturga kiritganmiz, tez orada ko‘changizda ta’mirlash ishlarini boshlaymiz».

Suratlar muallif tomonidan taqdim qilingan.

O‘zbekiston Prezidentining Namanganga tashrifi arafasida viloyat markazidagi e’tibordan chetda qolib kelgan ko‘chalarda ayni kezda imi-jimida ta’mirlanmoqda. Bu fikrimizga siz suratlarda ko‘rib turgan, Namangan shahridagi «Olvalizor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Simko‘chada olib borilayotgan ishlarni misol tariqasida keltirish joiz.

Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi ko‘plab fuqarolar ko‘chaning abgor holati yuzasidan Namangan shahar hokimligi, shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda shu hududga mas’ul bo‘lgan sektor – Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi rahbariga bir necha bor murojaat qilishgan, ammo aholining xohishi hozirgacha amalga oshmasdan kelmoqda.

Suratlar muallif tomonidan taqdim qilingan.

Aholining aytishicha, mutasaddilarning javobi bitta: «Ko‘changizni dasturga kiritganmiz, tez orada ko‘changizda ta’mirlash ishlarini boshlaymiz». Taassufki, bu va’da bir necha yildan beri bajarilmay kelmoqda.

Darvoqe, mazkur ko‘chada nafaqat Namangan viloyati, balki respublikamizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Mahdumi eshon jome-masjidi ham joylashgan. Yaqinda Malayziyadan kelgan turistlar masjid haqida, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida fikr bildirayotib, ko‘changizga qarashmabdi-da, deb gapirib ketishgandi.

Suratlar muallif tomonidan taqdim qilingan.

Davlatimiz rahbari viloyatlardagi tashriflaridan birida bu masala xususida fikr yuritib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqni rozi qilishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan, ko‘zbo‘yamachilik qilgan barcha darajadagi rahbarlarga keskin choralar ko‘rilishini alohida qayd etgan edi. Biroq Namangandagi rahbarlar hali ham bir-birini aldash, ko‘zbo‘yamachilik, boqimandalik, beparvolik kayfiyatida yurgan ko‘rinadi.

Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini rahbarlarimiz qulog‘iga qo‘rg‘oshinday quyib olishi shart: «O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz».

Sodiq Niyat

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring