Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pul havoga uchdimi? Andijonliklarning katta-kichik muammolari

Pul havoga uchdimi? Andijonliklarning katta-kichik muammolari

Amaldorlar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, siyosiy partiya faollari, deputatlarning ko‘p vaqti joylarda o‘tyapti. Uchrashuvlarda aholining katta-kichik muammolariga yechim topilayotir, samaradorlik nechog‘i bo‘layotganiga xalqning o‘zi baho beradi, albatta. Muhimi – xalq bilan muloqot qilish shunchaki kampaniya yoki mavsumiy tadbir emas, balki doimiy majburiyat ekani his etilib borilmoqda. Majburiyat hissi esa o‘zini hurmat qilgan mutasaddining mas’uliyati chandon oshishiga olib keladi. Bu muhim faktor!

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh yaqinda Andijon viloyatida bo‘lib, bir qator tumanlar ahli bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazdilar. Shu jarayonda kamina bilan ham bo‘lib, yon daftarim yozuvlarga to‘ldiki, quyida shuning ayrim parchalarini ilindim...

Fermerlarning puli havoga uchdimi?

Dastlab, Izboskan tumanida bo‘lindi. To‘rt nafar mahalliy fermer-tadbirkorning hasratidan chang chiqadi. Ular banklar bilan kelishilgan holda «Har bir oila – tadbirkor» dasturi bo‘yicha aholiga chorva mollari yetkazib bergan ekan. Yetti oydirki, bankdan pul ololmay halak.

— Tumandagi 54 ta xonadonga qo‘y berganmiz, — deydi ulardan biri. —  Pulimizni olish shuncha mushkul bo‘lib ketishi xayolimizga ham kelmagandi. Murojaat qilmagan idoramiz qolmadi, hisob.

Fermerlarning muammosi nimani anglatadi? Dastur doirasida belgilangan ishlar amalga oshirilgani haqida kerakli joylarga hisobot berilgan, xolos. Bu yoqda muammo osilib yotibdi, deng! Dastur o‘zganing holini tang qilish evaziga amalga oshirilmaydi-da, axir?!

Muammo mutasaddilar ishtirokida atroflicha o‘rganildi. Barcha hujjatlar ko‘rib chiqildi. «Agrobank», «Milliybank», Xalq banki bilan gaplashildi. Xullas, fermerlarning masalasi yechildi.

Totgan ham teng, botgan hammi?

Xonobod — viloyatga bo‘ysunuvchi shahar maqomiga ega. Hududning belgilangan soliqlar koeffitsiyenti Andijon shahriniki bilan teng. Ammo  Xonobod shahrining chegara hudud ekanligi, aholining ozligi va iqtisodiy imkoniyatlarining nisbatan pastligi hisobga olinmagan. Ayni muammo fuqaro  Adhamjon Egamberdiyev tomonidan ko‘tarildi. Qiziq: oddiy fuqaro ahamiyat bergan masala o‘ta jiddiy ekani, nahotki, mutasaddilarni mulohazaga chorlamagan?

— Soliq koeffitsiyenti yuqoriligi sabab, ko‘plab tadbirkorlarimiz o‘z faoliyatlarini yaqin hududga, ya’ni Qo‘rg‘ontepa tumaniga ko‘chirib o‘tkazmoqdalar, — deydi A. Egamberdiyev. — Ma’lumki, tuman va shaharning soliq yuki bir-biridan tubdan farq qiladi. Tumanniki shaharnikiga nisbatan past ko‘rsatkichda. Shahrimizning mazkur muammosi hal etilsa – soliq koeffitsenti kamaytirilsa, hududning mavjud imkoniyatlari yanada to‘liq yuzaga chiqishiga zamin yaratiladi.

To‘g‘ri gap!

***

Ibragim Islamaxunov Mustaqillik mahallasidagi 138-uyning 11-xonadonida istiqomat qiladi. U O‘zbekiston Respublikasida 1995 -yildan buyon fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashab kelmoqda. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi uchun davlat tashkilot va muassasalarida kamida 7 yil faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak. Biroq fuqaroning davlat tashkilotida ishlayotganiga atigi ikki yil bo‘ldi, xolos.

— Mavjud tartibga o‘zgartirish kiritish kerakmikan, — deya mulohaza qildi fuqaro. — Biz fuqaroligi bo‘lmaganlar — bor bilan yo‘qning oralig‘idagi odamga o‘xshaymiz. O‘rnatilgan muddat qisqartirilsa, qalblarimizni kemirayotgan og‘riqdan xalos bo‘lardik.

Uning gapida jon bormi?  Jiddiy muhokama va mulohaza yuritishga arzirli mavzu-a?

***

Mustaqillik mahallasi o‘ramidagi ko‘p qavatli 138-uyda yashovchi aholi to‘rtinchi qavatga suv chiqmasligidan xunob ekan. «Suvoqova» Xonobod shahar bo‘limiga deputatlik so‘rovi yuborilgach, suv nasosi o‘rnatildi. Muammo hal!

«Shugina ishni shunchayam cho‘zadimi?»

«Buloqboshi tuman IIB pasport bo‘limi qachon loqaydlikka barham beradi?» – deya murojaat qilgan tumanning Buyuk turon mahallasida istiqomat qiluvchi O.Xalilova. Sababi, fuqaro tuman IIB pasport stoliga noyabr oyida hujjatlarini topshirgan. Hozirgacha fuqarolik pasporti olgani yo‘q. «Pasport stoli»ga qatnayverib kovushi «yemirildi».

Masala joyida o‘rganilib, deputatlik so‘rovi yuborildi.

«Shugina ishni shunchayam cho‘zdimi?». Bu masala hal etilgandan keyin aytilgan gap. Uni fuqaro emas, deputat aytdi...

* **

Buyuk turon mahallasida istiqomat qiluvchi N.Nurimovaning qaramog‘ida nogiron farzandi bor. Topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Biroq mahalla fuqarolar yig‘ini hali u hujjat, hali bu hujjat, deya ona sho‘rlikni ovora qilgani qilgan. Sarsongarchilikdan charchagan fuqaro qo‘l siltadi.

Yuzma-yuz muloqot jarayonida bu muammoyam ko‘tarildi. O‘z joyida «ishga» mas’ullar bilan batafsil suhbatlashildi.

Masalaning yechimi oson ekan-ku. MFY mutasaddilarini malakasini oshirish, hujjatlar bilan ishlarga tajribasiga yanayam jiddiyroq qarash kerak shekilli.

***

OLTINKO‘L tumanidagi Jalabek mahallasidagi bir ko‘chaning nomi Farovon! Biroq ko‘chaning ahvoli nomiga teskari ekan-da. Ayniqsa, yog‘ingarchilikda ko‘ring ahvolni... Ko‘cha ahli mutasaddilarga yuguraverib charchashdi: va’dalar quyuq, ijroga kelganda... Xullas,  shu ko‘cha bo‘yida istiqomat qiluvchilar o‘zlari pul yig‘ib, shag‘al yotqizdilar. Endi asfalt yotqizish – muammo!

Shu muammoga, mana, mehmonlar yechim topib berdilar.

***

BALIQChIlik A.Temirov yolg‘iz yashaydi. Yoshi ham bir joyga borib qolgan. Boquvchisi yo‘q. Bu inson ahvoliga mahalla, juda yumshoq aytsak, panja orasidan qarab kelavergan chog‘i. Yo‘qsa, ayniqsa, qishli-qirovli kunlarda yashayotgan uyining ahvolini ko‘rib xavotirga tusharmidi, deysan-da. Ishchi guruhi uning uyiga bordi, ko‘rdi... Hademay uyining ta’miri yakunlanadi.

***

ASAKA tumanidagi Xonaqa mahallasi asriy tarixga ega. Bu yerdagi o‘tmish osori-atiqalari o‘rganishga, o‘rgatishga arziydi. Ammo shu kunga qadar bu haqida na bir risola chiqdi, na  targ‘ibot ishlari qilingan. Shu mahallalik Najmiddin Yoqubov ayni ishga qo‘l urganu, biroq qo‘llab-quvvatlaguvchi yo‘q.

Uning tarixiy kitobni chop ettirish masalasi ijro uchun belgilandi.

Zilola Rahmonova
Andijon

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring