Qozog‘istonda 25-sentyabr motam kuni deya e’lon qilindi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Kaspiy dengizida harbiylarning halok bo‘lgani sabab 25-sentyabrni milliy motam kuni deb e’lon qildi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Fojia sababli Oqtov shahri ma’muriyati 25–27-sentyabr kunlari Amfiteatr maydonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlarini bekor qildi. Ular orasida «Kaspiy dengizi – Do‘stlik dengizi» xalqaro festivalining tantanali ochilishi, festival-tanlovning yopilish marosimi hamda Oqtov shahri kuniga bag‘ishlangan gala-konsert ham bor edi.
Eslatib o‘tamiz, 24-sentyabr kuni Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida o‘tkazilgan dengiz mashqlari paytida ob-havoning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi oqibatida harbiy xizmatchilar baxtsiz hodisaga duchor bo‘lishgan, deya xabar berdi mamlakat Mudofaa vazirligi.
Dastlabki xabarlarda to‘qqiz nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va uch nafari qutqarilgani aytilgan edi. Ko‘p o‘tmay Mang‘istov viloyati hokimligi jami 17 kishi suvga tushib ketganini, ulardan 12 nafari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Yana ikki nafar harbiy xizmatchini qidirish ishlari davom etmoqda.
Harbiylarning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter