Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev qarzdorlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev qarzdorlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17-aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va budjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari uzoq yillardan beri iqtisodiyot tarmoqlarida pul oqimi samarasiz boshqarilgani va nomutanosib taqsimlangani oqibatida qarzdorlik holatlari ko‘payib ketganini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yaxshi samara berayotgani, lekin bu hali yetarli emasligi ta’kidlandi. Joriy yil 1-mart holatiga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida jami debitor va kreditor qarzdorlik o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 16 va 13 foizga oshgani tanqidiy tahlil qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir korxonaning barqarorligi aniq hisob-kitobga bog‘liqligi, rahbarlar faoliyati shunga qarab baholanishini ta’kidladi.

Ayrim tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda nomutanosiblik borligi, qarzdorlikni undirish tizimi samarasizligi, mavjud javobgarlik choralari mansabdor shaxslar va fuqarolarning to‘lov mas’uliyatini oshirish uchun yetarli emasligi qayd etildi.

Debitor qarzdorlik hamon yuqoriligicha qolayotgan kompaniya va korxonalar ko‘rsatib o‘tildi. Iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va budjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish, soliq, bank, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa idoralar o‘rtasida har oy yakunida o‘zaro qarzdorlik holatini solishtirib borish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tashkilotlar o‘rtasida elektron hamkorlik va ma’lumot almashinuvini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring