Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Taksichilar bedodligi qachongacha davom etadi?

Taksichilar bedodligi qachongacha davom etadi?

Yo‘llarda sodir bo‘layotgan eng mudhish avariyalarga eng avvalo tezlikni oshirish sabab bo‘layapti.

Foto: «globalstour.uz»

Do‘stlik – Jizzax viloyatidagi tumanlardan biri, Toshkentdan taxminan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan. Aholisi 70 ming atrofida. Do‘stlikdan faqatgina viloyat markazi Jizzax shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, qolgan shaharlar, jumladan Toshkent, Samarqand va Gulistonga taksichilar qatnaydi xolos. Hech qanday raqobat va tanlash imkoniyatining yo‘qligi esa xizmat narxining balandligi va sifatsizligiga olib kelmoqda.

Birgina Do‘stlik tumani emas, butun respublika bo‘yicha taksichilar bilan bog‘liq ko‘plab ko‘ngilsiz holatlarni uchratish mumkin. Masalan, bayramlar arafasida, ob-havo noqulay bo‘lganda, qandaydir sabablarga ko‘ra yo‘lovchilar soni ortib, taksichilar kam bo‘lganida ularning yaqiniga ham yo‘lab bo‘lmay qoladi. Narx-navoning osmonga sapchishi mayli, haydovchilarning muomalasi ham o‘zgarib, qo‘pollashadi.

Uning ustiga taksichilar faqat naqd pulga ishlaydi. To‘g‘ri, avvaldan kelishib, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida qilgan xaridiga plastik orqali to‘latishingiz mumkin. Lekin nima uchun pul plastikda bo‘lgani uchun fuqaro o‘zini noqulay, aybdordek his etishi kerak?

Aksariyat taksi haydovchilariga xos bo‘lgan yana bir jihat shundaki, manzilga tezroq yetib olish, ko‘proq odam tashib qolish uchun yo‘llarda tezlikni me’yoridan oshirishadi. Yo‘l-yo‘lakay oldinda ketayotgan taksichilar bilan bog‘lanib, DAN xodimlari, radarlar haqida ma’lumot olib boradi, o‘zi duch kelgan holatlar haqida orqada kelayotganlarni ham ogohlantiradi. Bir tomondan bu yo‘lovchilarga ham yaxshi: qancha tez borsa shuncha ma’qul. Ammo xavfsizlik, manzilga sog‘-omon yetib borish-chi? Yo‘llarda sodir bo‘layotgan eng mudhish avariyalarga eng avvalo tezlikni oshirish sabab bo‘lmayaptimi? Axir o‘sha haydovchining o‘zi ham kunda-kunora ana shunday ko‘ngilsizliklarga guvoh bo‘lib turadi-ku? Baxtsiz hodisalarga uchraganlar qismati ibrat bo‘lmaydimi?

Yana bir noxush holat ba’zi taksi mashinalarining sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligidir. O‘rindiqlar cho‘kib, kirlanib ketgan, yoqimsiz hid ko‘ngilni aynitadi. Yo‘l bo‘yi og‘zi tinmay bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytaveradigan taksichilar ham bor. Bir tanishim (o‘ziga to‘qroq odam) qishlog‘iga borishda oilasi uchun alohida mashina gaplashib, taksichiga shunday deganini aytib qoldi: «Sizga yo‘lkirani oshig‘i bilan to‘layman, faqat bir shartim bor. Uyga borguncha gapirmay ketasiz». Bu bilan haydovchi yo‘l bo‘yi og‘ziga mum solib ketishi kerak demoqchi emasman. Maroqli suhbat yo‘l mashaqqatini unutishga yordam beradi, vaqtning o‘tganini bilmay qolish mumkin. Shunchaki, vaziyatga, yo‘lovchilarning kayfiyati, holatiga qarash lozim. Hech bo‘lmasa barchaning xohishini so‘ragan holda past ovozda musiqa qo‘yib ketish mumkin.

Xullas, gapirsa gap ko‘p. Ammo bu masalani respublika doirasida ko‘rib chiqib, barcha taksilar uchun majburiy texnik, sanitar-gigiyenik va ma’naviy-axloqiy talab va me’yorlarni ishlab chiqish vaqti keldi deb o‘ylayman. Shuningdek, taksichilar o‘rtasida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, taksilar xizmatidan qoniqmagan, norozi bo‘lgan fuqarolar uchun tezkor aloqa kanallarini tashkil etish ham maqsadga muvofiq. Agar bu aytganlarim amaldagi hujjatlarda o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, demak, ularning ijrosida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring