Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tuhmatga uchragan kelin...

Tuhmatga uchragan kelin...

Foto: sun’iy intellekt

Tahririyatga yo‘llangan bir maktubda bayon qilingan voqeani oradan ancha yillar o‘tgan bo‘lsa ham unutolmayman. Hovlida izg‘ib yurgan hakka, qarg‘a, olaqanot va boshqa qushlarga ko‘zim tushdi degancha yodimga kelaveradi. Maktub muallifi sirli bir «o‘g‘rilik» tufayli oilasidan ajrashgan, badnom bo‘lgan begunoh kelinchak. Mana, o‘sha maktub.

«Katta hovlili uyga kelin bo‘lib tushganman. Kech kuz edi. Qaynotam va qaynonam haj ibodatini ado etib kelishdi. Hamma ularni tavof qilgani tashrif buyurdi. Uyimiz ikki-uch kun mehmonlar bilan to‘ldi. Ertadan kechgacha dasturxon to‘la odam. Qozonlarimiz tinimsiz qaynaydi...

Hammani kuzatib bo‘lgach, xonalarni yig‘ishtira boshladik. Men, ikkita qayinsinglim, qo‘shni ayollar tinim bilmay ishladik. Hamma narsani joy-joyiga qo‘yib bo‘lgach, katta qayinsinglim kutilmaganda jazavaga tushib, «Tillalarim yo‘qoldi, kim olgan bo‘lsa, bersin, sharmandasini chiqaraman», deb shovqin qila boshladi. Men hangu mang bo‘lib qoldim.

Hovlidagi tosh o‘choqda suv isitib, idishlarni yuvayotgandik. Aytishicha, u qo‘lidagi taqinchoqlarini shu yerga yechib qo‘ygan ekan. Osmonga uchdimi, yerning tagiga kirib ketdimi, hech kim bilmaydi. U yerga bizdan boshqa hech kim borgan emas. Hamma menga qaraydi. Men esa kimga qarashimni bilmayman. Qidirmagan joyimiz qolmadi, ammo topa olmadik. Xullas... taqinchoqlarni men o‘g‘irlagan bo‘lib chiqdim.

Bu gap o‘sha kuniyoq mahallaga o‘rmaladi. Ko‘chaga chiqa olmay qoldim. Mish-mish avjiga chiqdi. Maktabdan kelayotgan bolalardan biri menga eshittirib, «Ana, o‘g‘ri kelin» dedi. Uyimdagilar kelishdi. Qaynotam «Xo‘sh, kelin olmagan bo‘lsa, kim oladi?» dedi. Qaynonam folbin ayolga borib, ko‘rsatgan ekanlar, «Taqinchoqlar yo‘qolmagan,  yashirib qo‘yilgan», debdi. Bu gapdan keyin ko‘zimga ikki olam qorong‘i bo‘lib ko‘rindi-yu, bolalarimni yetaklab, uydan chiqib ketdim.

Oradan uch-to‘rt oy vaqt o‘tdi. Aslida, uch-to‘rt oy emas, men uchun  ming yil o‘tdi, desa ham bo‘laveradi. Xudodan umid qilib yurdim, boshqa ilojim yo‘q edi. Nihoyat, bir kuni...

Bahorning boshlari edi. Turmush o‘rtog‘im hovli chetidagi keksa yong‘oqning tarvaqaylib ketgan shoxlarini kesish uchun, tepasiga chiqqan ekan, qarg‘a uyalaridan birida bir nimalar yaltillab turgan emish. Qarasa, kichik-kichik oyna siniqlari va... o‘sha yo‘qolgan taqinchoqlar. Xursand bo‘lganidan daraxtdan yiqilib tushay debdi.

Taqinchoqlar topildi, deya uyimizga suyunchilab kelishdi. Ammo bu xushxabar  menga ham,  ota-onamga ham tariqchalik ta’sir qilmadi. Yong‘oqli hovliga qaytib borishdan ko‘ra, do‘zaxga kirganim afzal dedim...»

Bu xatni ham, voqealar qayerda, qaysi manzilda bo‘lganini bir oz pardalab e’lon qildik. Notanish singlimizni bolalarni yetim qilmaslikka undadik. Oradan ko‘p o‘tmay, Naziraxondan javob xati oldik. Unda birgina jumla yozilgan edi, xolos: «Bordi-yu bu voqea sizlarning singillaringiz bilan bo‘lganida uning oilasiga qaytishiga maslahat berarmidingiz?»

Bu savolga javob yozish qo‘limizdan kelmadi.

(«Siz yozmagan kitob»dan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring