28-fevralda noyob astronomik hodisa kutilmoqda
Fevralning so‘nggi 28-sanasida oltita sayyora tungi osmonda bir chiziqqa tiziladi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, «sayyoralar safi»da Merkuriy, Venera (Zuhro), Yupiter, Saturn, Uran va Neptun ishtirok etadi.
Bu hodisa barcha sayyoralarning bir tekislik — ekliptika yaqinidagi orbitalar bo‘ylab harakatlanishidan kelib chiqadi. Ularning tezliklari va Quyoshgacha masofalari turlicha bo‘lsa-da, ba’zan Yerdan qaraganda, osmon jismlari bir chiziqda turgandek tuyuladi. Ammo bu shunchaki optik illyuziya, ya’ni sarob: aslida sayyoralar bir-birlaridan million va milliardlab kilometr uzoq.
Fevral yakunidagi «sayyoralar safi»ni to‘ldiruvchi oltita sayyoradan to‘rttasi — Merkuriy, Venera, Mars va Yupiter oddiy ko‘zga ham ko‘rinadi. Uran va Neptunni kuzatish uchun optik asboblar kerak bo‘ladi. Qolaversa, Merkuriy gorizontdan pastda joylashganligi va juda kichikligi sababli yaxshi ko‘rinmasligi ham mumkin.

Quyosh botgandan taxminan yarim soat keyingi payt kuzatish uchun eng yaxshi vaqt, deyilmoqda. Mutaxassislar ochiq ufq va ob-havoli sharoitda osmonning kunbotar qismiga qarashni tavsiya qilishmoqda.
Bu hodisani butun dunyoda kuzatish mumkin, ammo bunda kuzatish uchun qulay sanalar joylashuvga qarab farqlanadi. Star Walk ma’lumotlariga ko‘ra, San-Paulu (Braziliya) uchun 25-fevral, Afina, Nyu-York, Mexiko va Tokio uchun 28-fevral, Pekin, Berlin, London va Mumbay uchun 1-mart, Reykyavik uchun esa 2-mart eng ma’qul vaqt bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter