Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘cha bolasi» bo‘lishni istagan o‘quvchilardan iborat «to‘da»ga chek qo‘yildi

«Ko‘cha bolasi» bo‘lishni istagan o‘quvchilardan iborat «to‘da»ga chek qo‘yildi

Videodan kadr

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sport bilan shug‘ullanuvchi bir guruh buxorolik voyaga yetmaganlarning jinoiy harakatlariga chek qo‘yilib, «uyushgan to‘da» faoliyati tugatildi.

Buxoro shahrida voyaga yetmagan yoshlar ishtirokidagi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuv ortidan kelib chiqqan navbatdagi «ko‘cha janjali»ning ortida jiddiy muammolar yashiringani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro avval Instagram ijtimoiy tarmog‘ida boshlangan. Gap-so‘z bir qiz bola sabab chiqqan. Buxoro tumanidagi maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigit bilan yozishmalar atrofida boshlangan bahsga Buxoro shahridagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari ham aralashgan. Oddiy internet tortishuvi asta-sekin haqorat, tahdid va «razbor» chaqiriqlariga aylanib ketgan.

Tomonlar masalani «ko‘chada hal qilish»ga kelishib olishgan.

Uchrashuv uchun esa Buxoroning eng gavjum va turistlar qatnovi yuqori bo‘lgan hududlaridan biri - eski shahar atrofidagi Samarqand ko‘chasi tanlangan.

Kechki payt belgilangan joyga kelgan jabrlanuvchilarni 10-15 nafardan iborat uyushgan yoshlar guruhi qarshi olgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, janjal oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Guruh a’zolari jabrlanuvchilarni shafqatsizlarcha kaltaklashgan. Ular boshqaruvidagi oq rangli Nexia avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazilgan.

Eng tashvishlisi, ayrim gumonlanuvchilar o‘zlari bilan sovuq qurol olib kelgani va janjal vaqtida undan foydalanganidir.

Natijada jabrlanuvchilar tan jarohati olgan.

Voqeadan so‘ng gumonlanuvchilar hodisa joyidan yashiringan. Biroq, Buxoro viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan ular qisqa vaqt ichida aniqlanib, qo‘lga olingan.

Tergov jarayonida ushbu janjalga aloqador bir nechta ta’lim muassasalari nomi tilga olingan. Buxoro shahridagi 3 ta maktab va Buxoro tumanidagi 1 ta maktab o‘quvchilari mojaroda ishtirok etgani aytilmoqda. Ular orasida oliy ta’lim muassasasi talabalari ham bo‘lgan. Ayrim talabalarning hujjatsiz holda avtomashina boshqarib kelgani ham aniqlangan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari janjalni zudlik bilan to‘xtatib, ishtirokchilarning ota-onalarini ham tergovga chaqirgan.

Mazkur urush-janjalda shaxsan ishtirok etganlarning shaxsiga aniqlik kiritilganda, holatga Buxoro tumanidagi 39-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Buxoro shahridagi 36-, 15- hamda 10- sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etgani aniqlangan.

Voqeadan keyin Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nomiga jinoyatga aloqador maktablarda xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. Va shu asosda 4 ta maktabda ham o‘rganuv o‘tkazilgan.

Boshqarma mas’ul xodimining bildirishicha, o‘rganuvlar davomida janjal ishtirokchilarining aksariyati darslarda muntazam qatnashib kelgan. O‘sha kuni ham ularning barchasi mashg‘ulotlarda ishtirok etgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktablari mas’ullari tomonidan o‘z vaqtida huquqbuzarlikka qarshi kurash, jinoyatchilikning oldini olish borasida yetarli tadbirlar tashkil etilmagani, manzilli chora-tadbirlar belgilanmagani natijasida maktab o‘quvchilari ishtirokidagi bu kabi noxush holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.

Xususan, o‘rganuvlar Buxoro shahridagi 36-maktab faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

Bu ko‘ngilsiz voqea darsdan keyin sodir bo‘lgan. O‘quvchilarning darslarga qatnashuvida muammo bo‘lmagan. Lekin, 36-maktab ma’muriyatida jiddiy xatolar bor. Maktab ish rejasi tasdiqlanmagan. Dars jadvali ham tartibli yuritilmagan, — dedi boshqarma mas’uli.

Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik sodir etish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Ichki ishlar organlari, shuningdek, mazkur guruh harakatlaridan jabrlangan boshqa fuqarolar bo‘lsa, murojaat qilishlarini so‘ragan.

Tergov jarayonida ota-onalarning pushaymonliklari ham jamoatchilik e’tiborini tortdi.

— Farzandimning tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermaganim uchun pushaymonman. O‘g‘limga ortiqcha ishonib, uni nazorat qilmabman, — deydi gumonlanuvchilardan birining onasi.

Mazkur jinoyatning asosiy tashabbuskorlari sifatida 2009-yilda tug‘ilgan H.S. va T.M. tilga olinmoqda.

Gumonlanuvchilardan biri H.S. tergovda qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan:

— Xalqqa zarar yetkazdik. Labi Hovuzda, ko‘chada janjal qildik. O‘sha payt turistlar ham o‘tib ketayotgandi. Qo‘rqib ketishdi. «Ko‘cha bolasi» bo‘lishni havas qilgandik. Lekin, hozir qilgan ishimdan pushaymonman.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur voqea faqat oddiy yoshlar janjali emas. Bu — ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan «ko‘cha romantikasi», nazoratsiz internet muhiti, voyaga yetmaganlar orasidagi soxta obro‘ uchun kurash va ta’lim-tarbiya tizimidagi bo‘shliqlarning bir nuqtada to‘qnashgan xavfli signalidir.

Buxoroning tarixiy markazida, sayyohlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan bu kabi voqealar, nafaqat, jamoat xavfsizligiga hamda shaharning nufuziga ham jiddiy soya tashlamoqda.

Mazkur holat sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar va mas’ullar xatti-harakati yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga qaytamiz.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring