«Chorsu» bekatiga suv kirishiga drenaj tizimidagi kamchiliklar sabab bo‘ldi — «Toshkent metropoliteni» DUK
«Toshkent metropoliteni» DUK «Chorsu» bekatiga 3 may kuni suv kirishi shahar irrigatsiya va drenaj tizimlarining o‘z vaqtida tozalanmaganligi oqibatida yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3-may kechki payt Toshkent shahrida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilikka shaharning aksariyat hududlaridagi irrigatsiya va drenaj tizimlari dosh berolmay, ko‘p joylarda suv to‘planib noqulayliklarni keltirib chiqardi.
Munosabatda ta’kidlanishicha, metropoliten inshootlari belgilangan tartibda doimiy texnik nazoratdan o‘tkazib boriladi hamda favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar va shahar hokimligiga ilgari ham bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan.
Hozirgi vaqtda vaziyat metropoliten xodimlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan, zarur choralar ko‘rilgan hamda bekat infratuzilmasining xavfsiz va barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, «Chorsu» metro bekatida vaziyat to‘liq barqarorlashgan. Poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida uzluksiz amalga oshirilmoqda. Bekat hududiga suv oqib kirish holati to‘liq bartaraf etilgan.
Shuningdek, bekat ichki qismi hamda kirish-chiqish yo‘laklari metropoliten xodimlari tomonidan to‘liq tozalanib, yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar qayta tiklangan.

Bungacha FVV metroga kirgan suvning katta qismi irrigatsiya-drenaj tizimi orqali tabiiy ravishda chiqib ketganligini bildirgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter