Qo‘qonda 9-sinf o‘quvchisi profilaktika inspektorini pichoqladi
Joriy yilning 18 fevral kuni Qo‘qon shahrining Sadoqat mahallasida noxush voqea sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot kotibi xabar berdi.
1988 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Sh. mahalla profilaktika inspektori, katta leytenant Jahongir Mahmudovga murojaat qilib, 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘li, o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi O‘.O‘.ning xulq-atvorida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani, u uyda oila a’zolari bilan janjallashayotgani hamda maktabga borishdan bosh tortgani haqida xabar bergan.
Holatni o‘rganish maqsadida manzilga yetib borgan profilaktika inspektori murojaatchi ayolga farzandi bilan inspektor-psixolog ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazish zaruratini tushuntirayotgan vaqtda kutilmagan holat yuz bergan. O‘.O‘. orqa tomondan yaqinlashib, inspektorning chalg‘ib turganidan foydalanib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan uning chap orqa bel qismiga zarba bergan.
Og‘ir jarohat olganiga qaramasdan, katta leytenant Jahongir Mahmudov zudlik bilan gumonlanuvchini jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.
Ichki ishlar organlarining tezkor xodimlari yetib kelgach, xonadonda yashovchi fuqarolar xavfsizligi to‘liq ta’minlangan. Jarohatlangan inspektor shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Shifokorlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, unga “ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda unga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-modda 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter