Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijondagi narkolaboratoriyadan 1 million dollarlik “mahsulot” chiqdi

Andijondagi narkolaboratoriyadan 1 million dollarlik “mahsulot” chiqdi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida narkolaboratoriyalarni aniqlash va ular faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida kompleks tezkor tadbirlar amalga oshirildi.

Tadbirlar davomida “Telegram” messenjeri orqali faoliyat yurituvchi internet-narkodo‘kon kuratorlari tomonidan belgilangan joylarga qoldirib ketilgan, sintetik giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan katta miqdordagi prekursorlar aniqlanib, operativ kuzatuvga olindi.

Tezkor harakatlar natijasida ushbu prekursorlarni olish uchun kelgan, Andijon shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi. Tergov davomida ular Andijon shahrining “Bog‘ishamol” mahallasida yashirin narkolaboratoriya tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu manzildan qora bozordagi umumiy taxminiy qiymati 1 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 26 kilogramm “Mefedron” sintetik narkotik moddasi musodara qilindi. Shuningdek, giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llanilgan prekursorlar va turli kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozlari, 10–20 litrlik yelim idishlar, konteynerlar, respiratorlar, rezina qo‘lqoplar hamda boshqa anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, gumonlanuvchilardan biri mazkur dala hovlini internet-narkodo‘kon kuratoridan yuborilgan 15,8 ming AQSh dollari evaziga o‘z nomiga rasmiylashtirgan. Laboratoriyani jihozlash uchun esa yana 5 ming AQSh dollari sarflagan. Shuningdek, joriy yil yanvar oyida 11,7 kilogramm “Mefedron” tayyorlab, kurator ko‘rsatmasiga binoan uni xufiyona joyga yashirgan va lokatsiyasini buyurtmachiga yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, mazkur shaxslar tomonidan Chirchiq shahrida ijaraga olingan omborxonaga 400 litr prekursor yashirib qo‘yilgani ham fosh etildi. Ushbu moddalar ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda ularga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring