Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Besh yarim yil nohaq «o‘tirgan» sobiq MXX xodimasi hamon adolat istaydi

Besh yarim yil nohaq «o‘tirgan» sobiq MXX xodimasi hamon adolat istaydi

Go‘yoki hammasi joyida, ortiqcha muammo yo‘qdek: yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilyapti, tegishli tushuntirishlar berilmoqda, bu jarayonda hatto chuqur hamdardlik ham izhor etilmoqdaki, buyog‘i endi o‘zingizga tan. Harakat qilsangiz, murodga yetgaysiz, nasib. Yo‘qsa...

Bunaqa jimjimador javoblar kimnidir to‘lqinlantirishi, sudga endi ishi tushmagan odamni esa yig‘latvorishiyam mumkin: «Shunday huquqlarim bor ekan-u bilmay yuribman-a, vo darig‘!»

Mo‘’tabar G‘ofurova bunday javoblarni o‘qib, na hayajonga tushadi, na umidi olovlanadi. Aytadigani bitta: «Yana o‘sha eski gap...». Rost-da, qonunga zarb etilmish huquqlaring amalda to‘la aks etavermasa, adolatga borar yo‘llar achchiq ichakdan cho‘zilaversa, boshqa nimayam deyishi mumkin?!

Darvoqe, Mo‘’tabar G‘ofurova...

Ism-sharif tanishday tuyulmayaptimi? Farg‘onalik. Sobiq MXX xodimasi! O‘zi va rahbari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik (shunaqa deymizda endi, ammo «kelishmovchilik»ni aytib ham bo‘lmaydi, yozib ham!) sabab qo‘lbola ayblovlar bilan yetti yilga «kesilgan» ayol?! Uning achchiq qismati haqida markaziy nashrda, unga tayanib, saytimizda ham qisman yozilgandi. Esingizga tushdimi?

Shunga qaramay yana bir karra tanishmoq ortiqchalik qilmaydi.

1992-2009-yillarda sobiq MXXning Farg‘ona viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlab, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo sabab (kapitan harbiy unvonida) 43 yoshida pensiyaga chiqqan Mo‘’tabar G‘ofurovaga oyoqni uzati-ib dam olish nasib etmadi. Pensiyaga chiqishidan avvalroq kurtak otgan «kelishmovchilik» ishdan ketganidan keyin battar kuchayib, o‘sha yilning (2009-y.) oxirida yetti yilga ozodlikdan mahrum etilishi bilan intiho topdi. Biroq adovat quvvatdan ketmagani rostdirki, yo‘q ayblov bilan shu-uncha yilga «kesilgan» mahkuma, ayol ekaniga qaramay, amnistiyalarga ilinmadi.

Nihoyat, 2015-yilning fevralida, roppa-rosa besh yarim yil «o‘tirgach»,  ozodlikka chiqdi. Ozodlikka chiqqanidan uch yarim yil o‘tib, 2018-yilning may oyida tamoman oqlandi!

Qanday ayblar bilan ozodlikdan mahrum etilgani, ayblovlarning mazmun-mohiyati borasida to‘xtalishning hojati yo‘q. Chunki, qahramonimizning sudi, uning professional kasbi nuqtai nazaridan yopiq shaklda o‘tgan, demakki, sud-tergov materiallarini ommaga oshkor etishga qonun ko‘pam izn beravermaydi. Qolaversa, qo‘yilgan ayblovlar endilikda pufakday uchib, M.G‘ofurovaning aybsizligi qonunan isbotini topdi.

Kechroq bo‘lsayam haqiqat qaror topgani – qahramonimizning professional salohiyati va professional halolligidan katta belgi aslida. Yo‘qsa, uning faoliyati chakana kovlanmadimi?! Nima qilib bo‘lsayam jinoyatchiga chiqarish uchun ozmuncha ter to‘kilmadiki, shundayam topgan-yiqqan ayblovlar baribir chok-chokidan so‘kildi... Birorta jiddiy ayblov topilganda-ku, oqlov hukmi hatto tushga kirmasdi-ya?!

Xo‘p, muammo nimada: ayol oqlanibdi, do‘st-u yor oldida yuzi yorug‘, boz nohaq qamalgani uchun tovon undirish masalasi nasiyaga ham qolmagandir?!

Nohaqlik jonidan o‘tib ketgan odam tinch o‘tirmasligi tabiiy. Buning uchun uni «oqlanganiga shukr qilmaslik»da ayblash mutlaqo noto‘g‘ri. Axir u muruvvat-ehson so‘rayotgani yo‘q, o‘z haqqi, yana-da aniqrog‘i, adolat talab qilmoqda. Aytishadi-ku, haq berilmas, olinur, deb...

Rost, M.G‘ofurova oqlanganidan so‘ng, shundayam sakkiz oylik (!) yugur-yugurlardan keyin, ozdir-ko‘pdir tovon undirishga muvaffaq bo‘ldi (bor-ye, deb tashlab qo‘yilsa, shuyam yo‘q edi). Ya’nikim, sud uning harbiy unvoni, ayblov hukmi chiqqani hamono to‘xtatib qo‘yilgan pensiyasini tikladi, shuningdek, ma’naviy zarar uchun 150 million so‘m, sud moddiy zarar uchun esa... 250 (ikki yuz ellik) ming so‘m (!) undirishni belgiladi.

Chakkimas-ku, deysizmi? Qaydam.

Aslida-ku, insonga nohaq yetkazilgan aziyatning tovonini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydi. Iztirobning moddiy o‘lchovi bormi o‘zi?! Tananing og‘rig‘iga muolaja topilar, biroq ruhiy azobga malham topib bering-chi?! M.G‘ofurovaning aybsiz aybdor sifatida o‘tgan besh yarim yilida shundog‘am yaxshi bo‘lmagan sog‘lig‘iga battar putur yetgani kichkina talafotmi? Onasining kuyib-kuyib omonatini topshirganiyu, o‘zi panjara ortida qaqshab qolavergani-chi? Mahkumaning buvi qaramog‘idagi voyaga yetmagan farzandining ahvolini bir tasavvur qilib ko‘ring... Yo‘q, ortiqcha hissiyotlarga berilmayapmiz, bor-yo‘g‘i, ustma-ust kelgan musibatlarning ayrimlari qalamga olinayotir, xolos. Bular aytishga oson, yozishga oson...

Shuncha azob, shuncha iztirobning ma’naviy tovoni 150 million so‘mga baholanganini ko‘rib, «o‘h-ho‘» deyishga endiyam shoshasizmi?!

Yo‘qotilgan sog‘liqni tiklash uchun so‘laqmonday ko‘rinayotgan bu raqamlar kamlik qilishi ehtimoli katta. Inson a’zolari do‘konda qalashib yotgan matoh emaski, tanlab-tanlab «orginali»ni sotib olish mumkin bo‘lsa. Qolaversa, tibbiyotimizning ahvoli ma’lum: imkoniyati borlar Hindiston, Isroil yoki turk shifokorlari ostonasiga bosh urib borishmoqda (qo‘li yupqalarning-ku taqdirga tan berib, ajalini kutib yotishdan boshqa chorasi yo‘q). Bir yuz ellik million so‘m, dollarga chaqilsa, yigirma mingga yetmaydi. Buncha pulga, deylik, Hidistonga borib, «onadan tug‘ilganday bo‘lib kelish» g‘irt ertakning o‘ziku-ya, loaqal yo‘qotilgan sog‘liqning jilla qursa yarmini tiklavolishning o‘zi mahol. Shifokorning aqli ming g‘ovlagan bo‘lmasin, muolajasi muvaqqatda baribir.

Ikkinchidan, M.G‘ofurova pensiyaga chiqqach, Marg‘ilon bank kollejida ish boshlagandi. Tinchgina shu joyda ishlaganida ham besh yarim yilda umumiy hisobda ellik million so‘mga yaqin maosh olardi. Bu sud belgilagan ma’naviy zararning uchdan birini tashkil etadi. Yana boshqa «mayda-chuyda» dek tuyuladigan real zararlarni chetga surib, 17 yillik xizmati evaziga berilgan ikki xonalik «dom»ni ayting. Qo‘qon shahrining A.Ho‘qandiy ko‘chasi 50-uy, 43-xonadon kaliti unga dabdabayu asa’asa bilan topshirilgandi. Xarobadan sal beriroq bo‘lgan ushbu xonadonni astoydil ta’mirlab, voyaga yetmagan farzandi bilan yashayotgandi. Bo‘yoqlarning hidi ketmay pensiyaga chiqishga majbur bo‘ldi, uyni xususiylashtirib ulgurmay hibsga olindiki, «ichkari»dan chiqquncha uyam olib qo‘yilibdi.

Sud unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zaralarni hisobini chiqarayotgan chog‘ ayni xonadonni qaytarish masalasida fuqarolik sudiga murojaat etishni tavsiya qildi: udda qilsang ta’mirga ketgan pulingni yoinki o‘sha uyning o‘zini olvol! Uy-ku, xususiylashtirilmagan (biroq shuncha yillik xizmati davomida biror marta intizomiy jazoga tortilmagan xodima ikki xonali «dom»ga to‘la haqli emasmi?!), xo‘p, ammo ta’mirga ketgan chiqimlarning o‘zi bir necha o‘nlab million so‘mni qoralab qoladi. Shu va yuqorida bayon etilgan aniq moddiy zararlar yig‘indisi belgilangan ma’naviy zarar miqdoriga yetib qoladi. Bundan xulosaki, ma’naviy zarar «sopi o‘zidan chiqarib» belgilanganday...

Besh yarim yil nohaq qamoqda o‘tirganlikning sud belgilagan moddiy zarar miqdorini yuqorida qayd etdik: 250 (ikki yuz ellik) ming so‘m! Yig‘lagudek summa...

To‘g‘ri, sudya moddiy va ma’naviy zararlarni undirish haqida ajrim chiqarar ekan, oqlangan M.G‘ofurovaga undan (ajrimdan) norozi bo‘lsa, shikoyat keltirishini, shuningdek, boshqa da’volari yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat etish huquqi tushuntirib o‘tgan. Fuqarolik sudiga da’vo kiritishning murakkab joyi yo‘q. Gap bu jarayonning uzo-oq davom etishida.

Birinchidan, moddiy va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’volar sudlarda mamnuniyat bilan qabul qilinmaydi. Iloji bo‘lsa-ku, da’vo arizani qabul qilmaslik yo‘lini topsa... Da’vogar davlat bo‘lsa, muammo yo‘q, albatta: so‘ralgani ortig‘i bilan undirib berilishi mumkin. Fuqaroga kelganda sudyalarimiz og‘ir vaziyatga tushib qoladi rosti. Yozilmagan qoidaga ko‘ra, sudlar davlatga yon bosishga majbur... Natijaki, tuya so‘ragan fuqaro biya olsayam katta gap. Misolmi? Mana, M.G‘ofurovaning o‘zi: uning foydasiga undirilishi belgilangan ma’naviy va moddiy zararlar miqdoridan xulosa qilavering!

Fuqarolik sudiga murojaat qilib, yana qancha umri sarf bo‘ladi – avvaldan bashorat qilish qiyin. Fuqarolik sudining adoqsiz sud majlislariga matonat ko‘rsatib, muayyan natijaga erishdi ham deylik. Alamlisi, o‘sha sud qarori ijrosi tuya go‘shti yemasligiga kafolat yo‘q.

Hamma balo shundaki, dasti uzun MIBchilar moliyaga kelganda qo‘lsiz-oyoqsiz qilib qo‘yilgan. Budjet kodeksiga ko‘ra, moliya bo‘limlaridan pul undirishga oid sud hujjatlarini... shu bo‘lim xodimlarining o‘zi bajarishi kerak. Shundog‘am berishi shart bo‘lgan mablag‘ni moliyadan vaqtida olishning o‘zi muammo, moddiy yoki ma’naviy zararlarni qoplashdek ko‘zda tutilmagan chiqishimlarga yo‘l bo‘lsin. Sud qarori ijrosi vaqtda ado etilmagani uchun birov moliya mutasaddisiga nisbatan jarima yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llolmaydi!

Aytdik-ku, MIBning bunga daxli yo‘q, deb. Qisqasi, Moliya organining: «moddiy yoki ma’naviy zararlarni to‘lash bo‘yicha bu yil (yoki chorakda) mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmagan» degan gapi sud qarori ijrosidan ustun. Qonun shunaqa. Oddiy fuqaro qarzdor bo‘lsa, birov so‘rab o‘tirmaydiki, rejangda abgor ahvolga tushib qolish bormidi, deb. Puli bo‘lmasa, mulkiga chang solinadi: buyam qonuniy...

Savol tug‘ilishi mumkin: moddiy-ma’naviy zararlarni noqonuniy javobgarlikka tortgan shaxslarning o‘zidan undirsa bo‘lmaydimi? Deylik, tergovchi, prokuror, sudyadan? Yo‘q-da, yo‘q... Chunki, ular davlat organi vakillari. Birovni nohaq qamagani, g‘ayriqonuniy qarorlar chiqargani uchun javobgarlik bor, albatta. Javobgarlikki, jinoiy xarakterga ega. Illo moddiy emas. Nega? Deylik, sudya. Ma’lumki, u o‘z nomidan emas, mamlakat nomidan hukm o‘qiydi. Shu bois, u tushirgan qovun badalini davlat qoplaydi. Ko‘ryapsizki, adolatsizlikdan hech kimga foyda yo‘q: bundan hamma yutqazadi...

Mo‘’tabar G‘ofurovani yetti uxlab tushiga kirmagan ko‘rguliklarga giriftor etganlar javobgarlikka tortilganmi-yo‘qmi, bilmadik, ammo ularning aksariyati ishdan olingani aytiladi. Hatto Bosh prokuratura tomonidan uning noqonuniy jinoiy javobgarlikka tortilishi holati yuzasidan surishtiruv o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining 230-moddasi 2-qismi (aybsiz kishini javobgarlikka tortish) bilan «delo» ochilib, ko‘p o‘tmay bekor qilingani ma’lum (ajab, g‘ayriqonuniy javobgarlikka tortilgan bor, ammo tortgan yo‘q?!). Yana uni yetti yilga «kesib yuborgan» sudya viloyatdan respublikaga ko‘tarilgani xususida uzuq-yuluq gaplar bor...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring