Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir odam qamoqda o‘tirsa o‘tiribdi-da, hamkasbning ko‘nglini cho‘ktirmaslik kerak...»

«Bir odam qamoqda o‘tirsa o‘tiribdi-da, hamkasbning ko‘nglini cho‘ktirmaslik kerak...»

Illyustrativ foto: «WiseGeek»

Taniqli jurnalist-huqushunos, ayni paytda advokatlik amaliyoti  bilan ham faol shug‘ullanayotgan Habibulla Olimjonovning «Qaytar dunyo yoxud Alloh har narsani ko‘ruvchi va biluvchidir» maqolasi e’lon qilindi.

O‘zA veb-saytida chiqqan salmoqli maqolada sud-huquq tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijalari  haqli e’tirof qilinishi barobarida yaqin o‘tmishdagi sohadagi ahvol, nohaq javobgarlikka tortilgan insonlarning achchiq qismatlari og‘riq bilan bilan eslanadi.

Bundan tashqari nohaqlik jazosiz qolmasligini urg‘ular ekan, hayotiy tajribasidan kelib chiqib, fuqarolarni qonunga zid ravishda qamagan ayrim sudyalarning o‘zi ham pora bilan qo‘lga tushib, javobgarlikka tortilganini alohida ta’kidlaydi.

Bundan anglashiladiki, dunyoning ilohiy qonuniyatlari ham mavjud, «Qaytar dunyo» degan gap  bejiz emas. Birovning burnini nohaq qonatgan kimsa, ertadir-kechdir, o‘zi ham bir baloga duch kelishi muqarrar. Bunga hayotda misollar tiqilib yotibdi.

Shuningdek, muallif: «...islohotlarga kamarbasta bo‘layotgan aksariyat sudlar va sudyalar bilan bir qatorda, bunday islohotlar yoqmayotgan, eski ob-havoni tark etolmayotgan, qo‘msayotganlar ham oz bo‘lsa-da, borligi sir emas va bu holat kishini qattiq   afsuslantirishini» ham qayd etib o‘tadi.

Pirovardida, jamiyatda advokatlik instituti mavqeni oshirish haqida so‘z ochar ekan, sud tizimidagi muammolar, xususan, korrupsiya balosining bir uchi advokatura faoliyatiga ham ma’lum darajada to‘g‘anoq bo‘layotganini oshkora ta’kidlaydi: «...Uzoq yillar davomida chuqur ildiz otib ketgan korrupsiyani tugatish qiyin bo‘layotgani bor gap. Qachon tugatilishi ham noma’lum. Quyi, o‘rta, yuqori instansiyalarda odamlar ishlaydi. Aka-uka, qarindosh-urug‘, aksari «oshna-og‘ayni»... Himoyachi quyi instansiya qaroridan shikoyat qilib yuqori instansiyaga shikoyat-ariza topshiradi. Bir og‘iz javob: «shikoyat-arizangiz qanoatlantirilmasdan qoldirildi, hukmni o‘zgartirishga asoslar yo‘q». Agar shikoyat-ariza qanoatlantirilsa... oshna-og‘ayni, hamkasbga «minus» bo‘ladi. Bir odam qamoqda o‘tirsa o‘tiribdi-da, hamkasbning ko‘nglini cho‘ktirmaslik kerak...  Qonun ishlasa, instansiyalar o‘rtasidagi yuzxotirchilik qonuniylikka qurbon qilinsa – advokatning mavqei qonun ishlaydigan rivojlangan davlatlardagi kabi yuksakka ko‘tariladi. Bizda savodli advokatlar yetarli. Ular muzokara nutqida qonunlarni hind filmlaridagidan ham oshirib ro‘kach qilib ishni «yutib» ketishga qodir. Qonun ishlashi kerak, xolos...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring