Jizzaxda IIB xodimidan pul undirishga uringan ikki tovlamachi qo‘lga olindi

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida IIB xodimidan go‘yoki ayblov mazmunidagi audioyozuvni boshliqlariga beraman, deb qo‘rqitish orqali pul undirishga uringan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xodim tuman «Telegram chat»ida oilasini uyiga olib ketish uchun taksi topishda yordam so‘rab e’lon joylagan.
E’longa shu tumanda yashovchi, shaxsiy avtomobilida taksichilik qilib yurgan 18 yoshli yigit javob beradi. U va uning 26 yoshli qo‘shnisi vaziyatdan foydalanib pul ishlamoqchi bo‘lishgan.
Yigitlar IIB xodimi bilan yozishmalarda bir-birlarini haqorat qilishgan va suhbatni o‘zlariga yozib olib, uni IIB xodimining boshliqlariga jo‘natishini aytib, tahdid qilgan va «jim yurishi» evaziga 15 million so‘m talab qilishgan. Ular, shuningdek, xodimga ustidan yuqoriga arz qilgani, so‘ralgan pullarni bersa, arizalarini qaytarib olishlarini ham aytishgan.
Muzokaralardan so‘ng tomonlar 12 million so‘mga kelishib olishdi, ammo tovlamachilar shantajlarini davom ettirib, pul miqdorini yana oshiradilar.
Xodimning viloyat IIBga qilgan murojaati asosida olib borilgan tezkor tadbir davomida jinoyatchilar olingan pullar bilan voqea joyida qo‘lga olindi.
Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, bundan bir necha kun avval, ya’ni 6, 8 oktyabr kunlari mazkur shaxslar «102» ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar xodimi ularni haqorat qilganini aytishgan. Biroq, o‘zlarini tushuntirish uchun chaqirilganda, ular kelmagan.
Ushbu tovlamachilik holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter