Navoiyda oltin qazuvchilar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan davlat zaxirasidagi yerlarda noqonuniy oltin qazib olish va uni kimyoviy usulda qayta ishlash bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga barham berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, noqonuniy oltin savdosiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruh xorijiy davlat fuqarolarini jalb qilgan holda soliq, geologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi qator qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzib kelgan. Jinoiy guruhga Karmana tumanida joylashgan sport sohasiga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari boshchilik qilgan.
Tezkor tadbir davomida qonunbuzarlardan 17,2 kilogramm oltin va kumush qorishmasi, 20 kilogramm yarim tayyor oltin mahsuloti, tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 250 kilogramm boyitilgan ko‘mir, shuningdek 280 tonnadan ortiq qum va ruda ashyoviy dalil sifatida olindi. Shu bilan birga, 230 litr maxsus kimyoviy vositalar, oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan laboratoriya uskunalari, maxsus idishlar, gaz ballonlari hamda boshqa asbob-anjomlar ham musodara qilindi.
Aniqlanishicha, uyushgan jinoiy guruh tomonidan oltin ajratib olish maqsadida sun’iy ravishda tashkil etilgan 4 ta hovuz kimyoviy moddalar bilan to‘ldirilib, 1 gektar yer maydoni amalda sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirilgan.
Hozirda ashyoviy dalillar tegishli ekspertizalarga yuborilgan bo‘lib, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter