Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu safar boshqacha o‘tdi. Oliy suddagi matbuot anjumani

Bu safar boshqacha o‘tdi. Oliy suddagi matbuot anjumani

Foto: «Xabar.uz»

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «Odil sudlovni amalga oshirishda sudlar faoliyatining 2019-birinchi yarim yillik yakunlari» mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

1

Bunday tadbirlar qanday boshlanishi jurnalistlarga yod bo‘lib ketgan: taklif etilganlar ro‘yxatdan o‘tgach, joy-joyini topib o‘tirib, taqdim etilgan press-relizga ko‘z yugurtirishni boshlaydi. Mavzu yuzasidan tassavvur hosil qilguncha belgilangan vaqt keladi. Shundanam sal fursat o‘tib, rahbariyat viqor bilan kirib keladi-da, yasama tabassum va rasmiyroq salomdan so‘ng tayyor matnni kimdir tutilib-tutilib, kimdir sharillatib o‘qishga tushadi...

Aksariyat matbuot anjumanining boshlanishi shu.

2

Bu safar boshqacharoq bo‘ldi. Avvalo, Oliy sud binosiga osongina kirildi: ostonadagi ichki ishlar xodimi, guvohnomamizni ko‘zdan kechirgach, ochiq chehra bilan bilan ichkariga taklif etdi. Ichkarida, OAV xodimlarini ro‘yxatga olayotgan qaqajon qizga uch qadam yetmay... Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov OAV xodimlarini shaxsan kutib oldi. Yonida shu mahkama matbuot xizmati xodimi Zokirjon Qo‘ziboyev. U kirib kelayotganlarni rahbariga past ovozda tanishtirib turibdi: ...veb-saytidan sayt Falonchiyev, ...telekanaldan Pistonchixon, bu kishi «Xabar.uz»dan... da, da... taniysiz... taniysiz...

3

Tadbir boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolganda Xolmo‘min Yodgorovdan yana bir «yurish» bo‘ldi: jurnalistlarni anjuman zalining ko‘rinarli joyidagi stolga chiroyli terilgan kitoblar bilan tanishtirishga tushdi: «Bu «Vorislik huquqi», qo‘llanma. Naq 18,5 bosma taboq. Bugun merosga oid nizolar haddan ziyod ko‘p... Mazkur qo‘llanmada xususiy mulk avloddan-avlodga o‘tishining qonuniy tartiblari belgilangan. Mana bunisi «Ko‘chmas mulk va mulkiy huquq». Buyam katta qo‘llanma. Qarang, 17 bosma taboq. Bu kitobda mulkka oid huquq, uning himoyasiga doir qonunlar, sharhlar berilgan. Mulkka oid nizolar sud tartibida ko‘rilishi xususidayam yetarlicha ma’lumot olasiz. Mana bunisi «Meros huquqi». Buyam qo‘llanma... Hammasi bir necha ming nusxada chiqarilgan. Oliy sud tomonidan. Sotish mumkinmas, bepul tarqatiladi... Kitoblar bizdan sizlarga hadya. Qani, shu qo‘llanmalar haqida o‘z nashringlarda boblar chop etsanglar-a... Huquqiy targ‘ibotga katta hissa qo‘shgan bo‘lardinglar. Bundan tashqari, ikkita qisqa metrajli kino ham ishlaganmiz. Bu haqda gaplashamiz hali...».

4

...Nihoyat, matbuot anjumani boshlandi.

Avvaliga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Olimjon O‘sarov OAV xodimlariga tashrifi uchun minnatdorlik bildirib, kun tartibi xususida ma’lumot berdi. So‘ng tashabbus yana Oliy sud raisi o‘rinbosariga o‘tdi. Mezbon, tegishli press-reliz tarqatilgani va ko‘p vaqtni olmaslik, eng muhimi — savollarga ko‘proq fursat ajratish e’tiboridan axborotni muxtasar qildi.

5

Raqamlar: «...o‘tgan olti oyda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 18 ming 745 nafar shaxsga nisbatan 14 ming 269 ta ish ko‘rib chiqildi. Sudlangan shaxslar soni 14 ming 733 nafarni tashkil etib, shundan 3 ming 798 nafariga ozodlikdan mahrum qilish va 10 ming 191 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 744 nafar shaxs shartli hukm qilingan bo‘lsa, 333 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.

Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla fuqarolar yig‘ini kafilligiga asosan jami 1 061 nafar (shulardan 131 nafari ayollar) shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar belgilandi. Yarashuv institutining samarali qo‘llanishi natijasida 3 228 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi — bular endi sudlangan hisoblanmaydi».

6

Yana raqamlar: «...fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar sudyalarining aholi huzuriga borib, sayyor sud majlislari o‘tkazishi odatiy holga aylanayozdi desak, ishonavering. Olti oyda 35 mingdan (!) ziyod fuqarolik nizolari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi-da. Fuqarolik sudlarida o‘tgan yarim yilda 91 ming 744 ta nizo ko‘rilib, 42 milliard so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 39 mingga yaqin sud buyruqlari chiqarildi. Sakson mingga yaqin hal qiluv qarorlari qabul qilindi. Qisqasi, sudga da’vo kiritgan har to‘rt fuqaroning uch nafari murodi hosil bo‘layotganidan xursand. Bu gap osmondan olib aytilayotgani yo‘q, raqamlar tasdiqlamoqda...»

7

«...iqtisodiy sudlar tomonidan 95 ming 418 ta ish ko‘rilib, hal etildi. Ularning 61 mingtasidan ko‘prog‘i joylarda ko‘rildi (ya’ni, sayyor sudlarda). Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 15 ming 642 ta iqtisodiy ish ko‘rilib, ular foydasiga 623,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi».

8

«...Ma’muriy sudlarda ish ko‘p. Bu tushunarli, chunki, mazkur huquqiy institutda ham ma’muriy, ham fuqarolik-huquqiy munosabatlarga oid ishlar ko‘riladi. O‘tgan olti oyda ma’muriy sudlar tomonidan 5 ming 761 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 213 ming 503 nafar shaxsga nisbatan 179 mingdan ziyod ishlar ko‘rib chiqildi. Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanishga bog‘liq ishlar tashkil qiladi...»

9

Quyi bosqich sudlarida chiqarilgan sud hujjatlarining hammasi qonuniy va asosli deyish qiyin, albatta. Bu tabiiy jarayon. Sudlarning bir necha pog‘onaga bo‘lib qo‘yilgani bejizga emas. Maqsad sud qarorida norozilarning shikoyatlarini ko‘rib, pirovardida qonuniylikni ta’minlashdir. Hukm qat’iy emas, shikoyatga o‘rin bor, deb shunga aytiladi-da.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlarida o‘tgan davrda ko‘plab ishlar nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 696 ta ish ko‘rilib, 552 tasi bo‘yicha chiqarilgan sud qarori bekor qilindi. Ulardan 313 tasi yangitdan ko‘rish uchun apellyasiya bosqichiga yuborilgan bo‘lsa, to‘qqiztasi yuzasidan yangi qaror qabul qilinib, ish yuritish tugatilgan. O‘n bitta jinoyat ishi bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, shuncha nafar shaxs oqlandi.

10

Oliy sudning ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida jami 1 200 dan ziyod ishlar nazorat tartibida ko‘rilgan bo‘lsa, ularning umumiy hisobda uchdan ikki qismi bo‘yicha sud qarorlari bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan. Qolganlari o‘z kuchida qoldirildi.

11

...Tadbir faqat raqamlarga tayanilib, «mana, biz qilayotgan ishlar, ko‘rib qo‘yinglar» mazmunidagi gap-so‘zlardan iborat bo‘lmadi. Qanchalar og‘riqli bo‘lmasin, ayrim sudyalarning xolisligi va halolligi borasida muammolar yo‘q emasligi ochiq-oshkor tan olindi. O‘tgan vaqt davomida 11 nafar sudyaning vakolati muddatidan avval tugatilgan bo‘lsa, shularning faqat 4 nafarigina o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqqan. Qolganlari faoliyatida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yib, hatto pora bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgani taassuf bilan ta’kid etildi.

Intizomiy javobgarlikka tortilganlari bu hisobga kirmaydi.

12

Oliy sud veb-sayti yangilagani (sud.uz) chinakam yangilik bo‘ldi. Yangilangan saytda axborot olish yanada kengaygan. Shuningdek, unda sud qarorlari bilan tashishdan tashqari, sud majlislarini onlayn kuzatish, qaysi sudda qaysi kuni qanday protsess bo‘lishidan bir oy avval xabardor bo‘lish-u virtual tarzda sudga da’vo ariza topshirish kabi imkoniyatlar taqdim etilgan. Boshqa veb-saytlardan yana bir farqiki, sud.uz da berilgan materiallarga bemalol munosabat (komment) qoldirish mumkin.

13

Matbuot anjumani bir soat nari-berisida tugashi chamalangan ekan. Yo‘q, naq ikki yarim soatga cho‘zildi. Shuning o‘zi tadbir jonli muloqot, savol-javoblarga boy o‘tganini anglatadi. Bular endi keyingi maqolalar mavzusi. Ayni paytda vazifamiz roviylik edi, haddimizni bildik, chamasi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring