Kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilandi
Tarmoq rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda «xomashyo – tayyor mahsulot – eksport» zanjiri asosida loyihalar, ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymat bo‘yicha aniq rejalar belgilash topshirildi.
Amudaryo, Beruniy, Taxtako‘pir, Kegeyli va To‘rtko‘lda to‘qimachilik hamda charm sanoatida kamida 150 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Nukus shahri, Nukus tumani va Qorao‘zakda elektrotexnika sanoatida 200 million dollarlik, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Beruniyda energiya tejamkor qurilish materiallari bo‘yicha 100 million dollarlik loyihalar tashkil etiladi.
Nukus shahrida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha 120 million dollarlik, Nukus shahri, Qonliko‘l, Kegeyli, Chimboy va Bo‘zatovda farmatsevtika sohasida 50 million dollarlik loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Italiyaning «Bonifika Ferrarizi» kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda 50 million dollarlik loyiha boshlanmoqda. 2 ming gektarda Italiya texnologiyasi asosida pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.
15-oktyabrgacha har bir tuman bo‘yicha «road show»lar o‘tkaziladi. Viloyat hokimlari o‘z investorlarini jalb qilib, 2-3 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni boshlaydi.
Umuman, kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter