Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zargarlik sanoatidagi natijalar va yangi imkoniyatlar

Zargarlik sanoatidagi natijalar va yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston iqtisodiyotida sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish — davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda zargarlik sanoati madaniy-tarixiy qimmati bilan birga iqtisodiy ahamiyati jihatidan ham alohida o‘rin egallay boshladi.

So‘nggi yillarda zargarlik sohasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Prezidentimizning 2024 yil 23 iyuldagi PF-104-son Farmoni sohani tubdan isloh qilishga yangi turtki bo‘ldi. Mazkur hujjat doirasida ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar taqdim etildi, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirildi va yangi infratuzilma yaratilishiga keng yo‘l ochildi. Bu jarayonlarda «O‘zmilliybank» yetakchi moliyaviy sherik sifatida ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda milliy zargarlik brendlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z natijasini ko‘rsatib, «Fonon», «Sofizar», «Butterfly», «Gavhar», «Souvenir», «Uzgold», «Zabur», «Merrit» kabi ko‘plab brendlar bugun nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirmoqda, balki tashqi bozorlarda ham O‘zbekiston zargarlik sanoati salohiyatining munosib elchilari sifatida tanilayapti. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro standartlarga javob bera olishi bilan birga, zamonaviy dizayn va yuqori sifat orqali raqobat muhitida o‘z o‘rnini topmoqda.

2025 yilning sakkiz oyi davomida zargarlik sanoatida sezilarli o‘sishlar kuzatildi, xususan:

Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmlari 12 600 kg, qiymati 7 614 mlrd so‘mni (10 800 kg oltin qiymati 7 560 mlrd so‘m va 1 800 kg kumush qiymati 54 mlrd so‘m) tashkil etdi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 244 %).

Bu raqamlar mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlari oshayotganini va ichki talab barqarorlashib borayotganini tasdiqlaydi. Yil yakuniga qadar, sanoatda jami 20 850 kg. zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish asosiy maqsad qilib belgilab olingan.

Shuni ta’kidlash lozimki, zargarlik mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham yuqori talabga ega bo‘lmoqda:

• 2025 yilning sakkiz oyi davomida 278 mln dollarga teng bo‘lgan 3 386 kg tayyor zargarlik buyumlari eksport qilindi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 482 %).
• Asosiy xorijiy bozorlar Xitoy, BAA, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston zargarlik sanoati xalqaro bozorda o‘z brendini mustahkamlayotganidan dalolat beradi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sohada tadbirkorlik sub’yektlari soni ham keskin ortib, ayni paytda qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar va shu yo‘nalishda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni 2 099 tani tashkil etmoqda. Qo‘shimcha ravishda 76 ta MChJ, 74 ta YaTT hamda 293 ta chakana savdo do‘koni tashkil etildi. Umumiy hisobda sohada jami 5 186 nafar aholi bandligi ta’minlandi.

Bugungi kunda, «O‘zmilliybank» tomonidan sohaga jami 233,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. Bunda, 52,8 mlrd so‘m kreditlar, 20,7 mlrd so‘m faktoring, 83 mlrd so‘m bank kafolatlari hamda 77 mlrd so‘m investitsiya mablag‘lari ajratildi.

Bu mexanizmlar ishlab chiqaruvchilar uchun ishonchli moliyaviy poydevor vazifasini bajarmoqda. Zargarlik sanoatini hududiy rivojlantirish maqsadida respublikada yangi markazlar barpo etilmoqda. 2024–2026 yillarda — Toshkent shahrida 3 ta, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Xorazmda bittadan markaz tashkil etilishi belgilangan.

Ilk zargarlik markazi Toshkentda ishga tushirildi, unda «NBU GOLD», «Marakanda Jewel» va «BAYGOLD» kompaniyalari o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur zargarlik markazining yillik ishlab chiqarish quvvatlari 5 000 kg. ni tashkil etmoqda.

Andijonda «AYISTA GOLD» tomonidan zamonaviy zargarlik markazi tashkil etilib, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, o‘quv kurslari tashkil etildi, sinov laboratoriyasi va qimmatbaxo metallarni saqlash bo‘yicha maxsus omborxona bilan ta’minlandi hamda 36 ta yangi do‘konlar ishga tushirildi. Farg‘onada xorijiy investor ishtirokidagi «AKILLI GOLD» markazi tashkil etilib, dastlabki ishlab chiqarish jarayonlari boshlab yuborildi. Yaqin kunlarda to‘liq hajmda ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu loyihalar ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va milliy brendni xalqaro bozorga olib chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda.

Zargarlik sanoatida ustoz-shogird an’analari va zamonaviy ta’lim tizimi uyg‘unlashib borayotganini ta’kidlab o‘tish zarur. Toshkent Davlat texnika universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti hamda kasbiy ko‘nikmalar markazlari talabalari ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini amalda mustahkamlab, keyinchalik ularning sohada faol ish boshlashlariga sharoit yaratadi.

Zargarlik sohasidagi islohotlar xalqaro ko‘lamda ham namoyon bo‘layotgani e’tiborga loyiq. 2025 yil 23–25 may kunlari Toshkent shahrida ikkinchi bor «Uzbek Jewellery Fair» xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkazildi. Tadbirda Italiya, Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Germaniya, Rossiya, Armaniston kabi mamlakatlardan 30 dan ortiq xorijiy kompaniya, shuningdek, 40 dan ziyod mahalliy ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Ko‘rgazmaga 3 mingdan ziyod mehmon tashrif buyurdi. Ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar natijasida umumiy qiymati 13 mln. dollarga teng kelishuvlarga erishildi. Bunday ko‘rgazmalar mamlakatimiz zargarlik sanoati uchun milliy brendni xalqaro bozorda targ‘ib qilish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion asbob-uskunalar bilan yaqindan tanishish, xorijiy investorlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega.



Tadbirkorlar hamda aholini sohaga oid qonunchilik talablari, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bilan tanishtirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda qaysi jihatlarga e’tibor berish zarurligi bo‘yicha Respublikamizning barcha nuqtalarida doimiy ravishda uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

Zargarlik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash natijasida ishlab chiqarish hajmlari ortmoqda, eksport geografiyasi kengaymoqda, yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilmoqda va minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. O‘zbekiston zargarlik sanoati nafaqat iqtisodiy o‘sish drayveri, balki mamlakatning xalqaro imidjini mustahkamlayotgan, milliy brendni shakllantirayotgan strategik tarmoq sifatida namoyon bo‘lmoqda.

«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring